Markaz raqami
+998 97 771-60-04
Markaz raqami
+998 97 771-60-04
TA’LIMNI RIVOJLANTIRISH RESPUBLIKA ILMIY-METODIK MARKAZI
MARKAZNING ASOSIY VAZIFALARI:
ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni, o‘qitishning samarali shakl va usullarini, ta’lim sifatini baholash va monitoring qilishning zamonaviy tizimlarini joriy qilish;
maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, qisqa muddatli, shu jumladan xususiy o‘quv kurslar (keyingi o‘rinlarda — o‘quv kurslari)ning ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
ta’lim tashkilotlarida o‘qitish metodikasini takomillashtirish, zamonaviy talablar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtirish;
ta’lim tashkilotlarining rahbar va pedagogik kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning ilg‘or shakllarini joriy qilish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borish uchun shart-sharoit yaratish;
ta’lim tashkilotlaridagi o‘quv-tarbiya jarayonlari va kadrlarni tayyorlash sifatini monitoring qilishda, ta’lim oluvchilarning bilimi ta’lim standartlari va talablariga muvofiqligini tahlil qilishda ishtirok etish, O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati sohasida xalqaro dasturlar va tadqiqotlar o‘tkazilishini tashkillashtirish;
ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar va tavsiyalar tayyorlash;
ta’lim sohasidagi ilg‘or amaliyotni o‘rganish va tizimli tahlil qilish hamda uni respublikada joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan aloqalarni rivojlantirish.
respublika markazi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablar maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslari uchun majburiy hisoblanadi;
vakolatli davlat organlari maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslarini litsenziyalash, attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishni Respublika markazi bilan kelishgan holda amalga oshiradi.
ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari uchun yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtiradi;
maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari hamda o‘quv kurslarini moddiy-texnik jihozlash bo‘yicha talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
vakolatli davlat organlari bilan birgalikda maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslari faoliyati sifatini nazorat qilish va baholash mezonlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
ta’lim standartlari, o‘quv rejalari, dasturlari, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning samaradorligini davriy tahlil qiladi;
tahlil yakunlariga ko‘ra hamda vazirliklar, idoralar va keng jamoatchilikdan kelib tushgan takliflar asosida ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yilgan talablarni takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
vakolatli davlat organlari Respublika markazi talablari asosida maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslari uchun ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari davlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini Respublika markazi talablariga muvofiq jihozlash bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
MARKAZNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI:
maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslarida ta’lim sifatini hamda o‘quv-tarbiya jarayonining ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiqligini belgilangan tartibda monitoring qilish;
vakolatli davlat organlariga ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari talablarini bajarmagan ta’lim tashkilotlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan chora-tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha taqdimnomalar kiritish;
o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlar natijalarini ta’lim tashkiloti, tuman (shahar) yoki hudud misolida tajriba-sinovdan o‘tkazish;
davlat organlari, yetakchi ilmiy, ta’lim va tahliliy, shu jumladan xorijiy muassasalar ekspertlarini shartnoma asosida tadqiqotlarga jalb etish;
darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilish, ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish uchun, zarur hollarda, respublika va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislaridan iborat loyiha (ishchi) guruhlarni, shu jumladan shartnoma asosida tuzish;
tadqiqotlar olib borish va kadrlar tayyorlash, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarga nisbatan litsenziya huquqlarini keyinchalik ularni tarjima qilish, moslashtirish, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish imkoniyatlari bilan birga sotib olish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, jamg‘armalar, mahalliy va xorijiy tadqiqot markazlari va o‘quv muassasalari bilan shartnomalar tuzish;
islohotlar jarayoniga nodavlat ta’lim tashkilotlarini jalb qilish, ular bilan ishlarni bajarish to‘g‘risida bitimlar tuzish;
o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun ijro etuvchi hokimiyat organlaridan statistik, tahliliy va boshqa axborotlarni so‘rab olish;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish, axborot-tahliliy sharhlar, ma’ruzalar va boshqa nashrlar chiqarish;
o‘z faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha konsalting va ekspert-tahliliy xizmatlar ko‘rsatish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy tuzilmalarni tashkil etish;
respublika markaziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari va grantlarini jalb qilish;
vakolatli davlat organlari bilan birgalikda ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifatini oshirish va o‘quv jarayonini tashkil etishga taalluqli masalalar yuzasidan qonunchilikda belgilangan choralarni qo‘llash.
respublika markazi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi;
respublika markazi faoliyatiga umumiy rahbarlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi;
respublika markaziga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
respublika markazi direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikki nafar o‘rinbosarga ega bo‘ladi;
davlat organlari rahbarlari Respublika markaziga har tomonlama ko‘maklashadi, jumladan, markaz o‘z vazifalarini bajarishi uchun unga zarur shart-sharoit yaratadi, shuningdek, so‘ralgan ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etadi, tahlillar yakuniga ko‘ra kiritilgan materiallar va tavsiyalarni ko‘rib chiqadi.
MARKAZ FAOLIYATINI MOLIYALASHTIRISHNING ASOSIY MANBALARI:
davlat budjeti mablag‘lari;
vazirliklar, idoralar va muassasalar tomonidan ularning buyurtmalari asosida tadqiqotlar va baholash ishlarini olib borishga ajratiladigan mablag‘lar;
o‘z faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha shartnoma asosida konsalting, ekspert-tahlil va boshqa xizmatlarini ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grantlari va maqsadli mablag‘lari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.