Sayt test rejimda ishlamoqda

“Yangi avlod tashabbuslari va barqaror taraqqiyot” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

20.05.2025

“Yangi avlod tashabbuslari va barqaror taraqqiyot” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

 Joriy yilning 20-may kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar muammolarini oʻrganish instituti bilan hamkorligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Talabalar festivali” doirasida “Yangi avlod tashabbuslari va barqaror taraqqiyot” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi – Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari doirasida innovatsion, ijtimoiy va raqamli tashabbuslarni targʻib qilish, yosh olimlar, tadqiqotchilar va siyosat ishlab chiquvchilar

oʻrtasida oʻzaro bilim va tajriba almashuvini yoʻlga qoʻyishdan iborat.

Tadbirda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan talabalar, professor-oʻqituvchilar, davlat idoralari, nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, yoshlarga oid masalalarni oʻrganayotgan tahlilchi

mutaxassislar ishtirok etdi.Tadbirning ochilish qismida soʻz olgan Taʼlimni rivojlantirish markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova bunday anjumanlar yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarish va ilmiy-amaliy fikr almashinuvini ragʻbatlantirishda

muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

“Bugungi anjuman yoshlarning ijtimoiy innovatsiyalar, texnologiya, taʼlim, tadbirkorlik, ruhiy salomatlik, ekologiya va axborot maydonidagi faolligini chuqur tahlil qilish, dolzarb muammolarni aniqlash va ularning yechimiga

doir ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqish uchun muhim platformadir. Bizning asosiy maqsadimiz – yoshlar bilan ishlaydigan mutaxassislar, tadqiqotchilar va amaliyotchilar oʻrtasida xalqaro va mahalliy tajribalarni oʻrganish va kelajakda

yetuk kadrlar tayyorlashga yordam beradigan yangi yondashuvlarni muhokama qilishdir. Ishonamanki, bugungi muhokamalar yangi gʻoyalar, hamkorlik aloqalari va kelajak uchun strategik rejalarni shakllantirish uchun ulkan imkoniyatdir.

Har bir taklifingiz va tashabbusingiz barqaror rivojlanish uchun muhim qadam boʻlib xizmat qiladi”, – dedi Yuliya Risyukova.

Konferensiya quyidagi toʻrtta yoʻnalishda faoliyat yurituvchi seksiyalar doirasida boʻlib oʻtdi:

Ijtimoiy innovatsiyalar: kreativ va innovatsion fikrlash, taʼlimda yangi yondashuvlar, interfaol texnologiyalarning taʼlim tizimidagi oʻrni.

Yoshlarning salomatligi, ijtimoiy moslashuvi va ekologik faolligi: sogʻlom turmush tarzi, psixologik barqarorlik, atrof-muhitga masʼuliyatli munosabat.

Raqamli texnologiyalar va mediasavodxonlik: yoshlarning axborot maydonidagi faolligi, raqamli identifikatsiya va xavfsizlik, onlayn sohalarda ishtirok etish madaniyati.

Yashil iqtisodiyot va startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash: ekologik barqarorlik, ijtimoiy tadbirkorlik va “yashil” innovatsiyalar.

Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Dilnozaxon Kattaxanova yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni mamlakat taraqqiyotida faol ishtirok etishga undovchi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash

va davlat yoshlar siyosatini tizimli amalga oshirish muhim vazifa ekanini taʼkidladi.

“Respublikamizda 1,5 million talaba tahsil olmoqda. Bundan 10 yil oldingi koʻrsatkich 25 ming nafarni tashkil qiladi. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalari soni 3 baravarga oshdi.

Bu raqamlar shunchaki koʻrsatkich emas, balki jamiyatimizda liderlar soni oshib borayotganini ham anglatadi. Bugungi konferensiya shunchaki muhokamalar emas, balki yoshlar siyosatini takomillashtirishda amaliy yechimlarni

taklif etish uchun muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Bu kabi muhokamalar kelajakda jamiyatimizga yangi olimlarning shakllanishiga koʻmaklashadi”, – dedi Dilnozaxon Kattaxanova.

Shuningdek, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdikulova yoshlarning innovatsion fikrlashini qo‘llab-quvvatlash, ularni ilmiy izlanish va tadqiqotlarga keng jalb etish barqaror taraqqiyotning muhim omillaridan biri ekanini qayd etdi.

"Barqaror taraqqiyot ko'pchiligimiz o'ylaganimiz kabi faqatgina iqtisodiy o'sish emas, bu borada yoshlarning ilmiy va innovatsion salohiyatining o'sib borishi ham muhim ahamiyatga ega.

 Ham xalqaro, ham mahalliy tajribalarni ko'rgan mutaxassis sifatida ayta olamanki, O'zbekiston yoshlari xalqaro miqyosda hech bir davlat vakillaridan qolishmaydi.

Ishonchim komilki, bugungi konferensiyada ko'tarilgan masalalar mamlakatimizda yoshlar siyosatini qo'llab-quvvatlashda muhim maydon bo'lib xizmat qiladi", – dedi Shahlo Turdikulova.

Konferensiyada yoshlarga oid siyosatni shakllantirishda ilmiy asosga tayanish zarurligi, ilmiy izlanishlar va startaplar orqali barqaror rivojlanishga hissa qoʻshish, shuningdek, yoshlar tomonidan ilgari surilayotgan

gʻoya va tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlarini kuchaytirish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Tadbir doirasida 400 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar taqdim etildi. Ushbu materiallar alohida toʻplam holida nashr qilinib, taʼlim va yoshlar siyosati sohasida faoliyat yuritayotgan tadqiqotchilar hamda mutaxassislar uchun

muhim metodik manba sifatida xizmat qiladi.