Toshkent shahrida pedagoglar uchun “Metodik marafon” tashkil etildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2025-yil 15-mayda maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda
taʼlim sifatini taʻminlashda eng avvalo pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan.
Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarga asosan, joriy yilning 29-may kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan
Toshkent shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabida pedagoglar uchun “Metodik marafon” tashkil etildi.
Marafondan koʻzlangan maqsad:
umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida oʻquv-tarbiya jarayonini zamonaviy talablar asosida innovatsion usullar yordamida oʻqitishni taʼminlash;
xalqaro baholash tadqiqotlarida oʻquvchilarning oʻqish, matematika va tabiiy fanlar savodxonligi boʻyicha baholash natijalaridan kelib chiqib, ularning oʻzlashtirishdagi boʻshliqlar bilan ishlash;
oʻqituvchilarga oʻquvchilarning mantiqiy fikrlash va samarali muloqot qilish, real hayotiy muammolarga yechim topa olishiga yoʻnaltirilgan metodlarni oʻrgatish;
pedagog kadrlarning ilgʻor tajribalarini aniqlash, oʻzaro tajriba almashishlarini yoʻlga qoʻyish va qoʻllab-quvvatlash.
Ushbu jarayonlar pedagoglarga oʻqish savodxonligi, matematika, tabiiy fanlar va boshlangʻich taʼlim yoʻnalishlarida 4 ta shoʻbaga boʻlingan holda tashkil etilmoqda.
Yozgi taʼtil hamda oʻqituvchilarning “Kasbiy rivojlantirish kunlari” da oʻtkazilgan jarayonlar uchun yuborilgan materiallar tahlil qilinib, eng yaxshi metodik resurslar mualliflari trener sifatida jalb etilgan.
Onlayn va oflayn tarzda oʻtkazilayotgan marafonga respublikamizning barcha hududlaridan qiziqish bildirgan 1000 nafardan ortiq pedagoglar qamrab olingan.
Har bir mashgʻulotdan soʻng ishtirokchilar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.