Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid
davlat dasturida ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan.
Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarga asosan, joriy yilning 3-iyun kuni poytaxtimizdagi Xalqaro Nordik universitetida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan
“Psixologiya: zamonaviy chaqiriqlar, yangi g‘oyalar va yechimlar” mavzusidagi forum tashkil etildi.
Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ta’lim tizimi ishtirokchilarining psixologik farovonligini ta’minlashga xizmat qiluvchi samarali yondashuvlarni aniqlash, zamonaviy chaqiriqlar sharoitida psixologik yordam ko‘rsatishning innovatsion shakllarini joriy etish, shuningdek, psixologlar, pedagoglar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinuvi uchun ochiq muloqot maydonini yaratishdan iborat.
Tadbirning ochilish marosimida mutasaddilar tomonidan zamonaviy psixologik yondashuvlarning ta’lim jarayonidagi o‘rni va dolzarbligi, shuningdek, o‘quvchilar, ota-onalar va pedagoglar o‘rtasidagi sog‘lom psixologik muhitni shakllantirishda ularning tutgan o‘rni, bu yo‘nalishda tizimli yondashuv zarurligi alohida e’tirof etildi.
Forumning plenar sessiya qismida amaliyotchi psixologlar, trenerlar, ta’lim tashkilotlari vakillari hamda xalqaro tajribaga ega mutaxassislar tomonidan ta’lim ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlashning yo‘nalishlari va samarali mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi.
Forumning ikkinchi qismida ishtirokchilar amaliy mashg‘ulot maydonlarida qatnashdilar. Jumladan, reggio pedagogikasi, san’at terapiyasi, ertak terapiyasi, neyropsixologik yondashuvlar, hissiy intellektni rivojlantirish bo‘yicha interfaol sessiyalar tashkil etildi. Ushbu mashg‘ulotlar o‘zida bolalar bilan ishlashda kreativ va zamonaviy metodikalarni mujassam etgan bo‘lib, ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Shuningdek, sho‘ba mashg‘ulotlarida bolalar bilan inqirozli holatlarda ishlash, ota-onalar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, psixolog-pedagog hamkorligi hamda raqamli xavfsizlik muammolari bo‘yicha
chuqur tahliliy muhokamalar olib borildi. Har bir sho‘bada ishtirokchilar muloqot asosida amaliy yechimlarni ishlab chiqish imkoniga ega bo‘ldilar.
Forum yakunida “Ta’lim ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha eng yaxshi resurs” tanlovi e’lon qilindi. Ushbu tanlov psixologik xizmat sifati va metodikasini oshirishga qaratilgan
muhim tashabbus sifatida taqdim etildi.