Sayt test rejimda ishlamoqda

Iqtidorli bolalar respublika olimpiadasining yakuniy bosqichi o‘tkazilmoqda

17.06.2025

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi PQ-128-son qarorida taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, davlat taʼlim standartlari,

oʻquv dasturlari va darsliklarning samaradorligini tahlil qilish va takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash vazifasi belgilangan. 

Mazkur vazifalardan kelib chiqib, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, boshlangʻich professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarning STEM fanlariga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, iqtidorli oʻquvchilarni aniqlash va ragʻbatlantirish boʻyicha Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi hamkorligida

IBRO–2025 olimpiadasi tashkil etildi. 

Joriy yilning 15-iyun kuni respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan jami 300 nafarga yaqin 10-11-sinf o‘quvchilari Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida matematika, fizika va informatika fanlari bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.

 

Shuningdek, 16–20-iyun kunlari 2–9-sinf oʻquvchilar oʻzining maktabidan matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha oʻzlari o‘qiyotgan maktablardan videokuzatuv orqali ishtirok etmoqda.

Mazkur bosqichda 4 359 nafar oʻquvchi qatnashadi.

Qayd etish lozim, 2025-yilning aprel oyidan boshlab o‘tkazilayotgan olimpiada matematika, fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlari boʻyicha testbor.uz platformasida Sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda oʻtkazildi. 

Matematika fani boʻyicha 2-sinfdan boshlab barcha sinf oʻquvchilari ishtirok etayotgan boʻlsa, fizika va informatika fanlaridan 9–11-sinf hamda oʻrta maxsus, boshlangʻich professional taʼlim tashkilotlarining 1–2-bosqichdagi oʻquvchilari ishtirok etishmoqda. 

Olimpiadaga respublikamizning barcha hududlaridan 230 mingdan ziyod oʻquvchilar roʻyxatdan oʻtdi. Barcha fanlar boʻyicha testlar oʻzbek va rus tillarida oʻtkazildi. 

Taʼlimni rivojlantirish markazi olimpiadada ishtirok etgan oʻquvchilarning natijalaridan foydalanib davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va darsliklarning amaliyotdagi samaradorligi tahlil qilinib, oʻquvchilarda fanlarga boʻlgan qiziqishni oshirish hamda oʻquv metodik komplekslarning sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish koʻzda tutilgan.

Olimpiada gʻoliblarini mukofot jamgʻarmasi 1 milliard soʻmni tashkil etadi. Olimpiadaning uchinchi bosqichida gʻolib boʻlgan 2-9-sinf oʻquvchilarining TOP 100 tasi uchun turli miqdordagi pul mukofotlari, 10-11-sinf oʻquvchilari uchun esa noutbuk, planshet, mobil telefon (iPhone 16), aqlli soat, naushnik beriladi.

Eng yuqori natijaga erishgan 10-11-sinf 18 nafar oʻquvchilar AKITA va Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetlariga 100 foiz grant asosida imtihonsiz qabul qilinadi. Olimpiadada eng faol ishtirok etgan va yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritgan taʼlim tashkiloti jamoasi bosh sovrin – BYD Chazor avtomobil bilan taqdirlanadi.