Ilmiy maqsad – bu tadqiqotning yo‘nalishini belgilovchi, muammoni hal qilishga qaratilgan asosiy metodologik komponent sifatida baholanadi. Mazkur maqola pedagogik tadqiqotlar kontekstida ilmiy maqsadni shakllantirishning asosiy yondashuvlarini ko‘rsatib beradi.
Kirish
Ilmiy tadqiqot – bu muayyan muammoni tizimli va asosli tarzda o‘rganish, aniqlash, tahlil qilish va yechim taklif etishga yo‘naltirilgan faoliyatdir. Har qanday tadqiqotning muvaffaqiyati, avvalo, to‘g‘ri va aniq qo‘yilgan ilmiy maqsadga bog‘liq. Ilmiy maqsad — bu izlanish obyekti doirasida tadqiqotchi erishmoqchi bo‘lgan natijaning konseptual ifodasidir. U tadqiqotning mantiqiy asosini belgilaydi, barcha keyingi bosqichlarga metodologik yo‘l-yo‘riq beradi.
Ilmiy maqsadning mohiyati
Ilmiy maqsad – bu tadqiqotchi oldiga qo‘ygan nazariy va amaliy yo‘nalishdagi aniq natijadir. U o‘rganilayotgan pedagogik jarayon yoki hodisa mohiyatini ochib berishga, uni chuqur o‘rganishga va muammoni hal qilishga qaratiladi. O‘rganilayotgan muammo doirasida tadqiqotchi qanday natijani olishni ko‘zlayotganini aniq ifoda etuvchi yo‘naltiruvchi fikrdir. U tadqiqotning asosiy savoliga javob topishga qaratiladi. Ilmiy maqsad quyidagi savolga javob beradi: “Tadqiqot natijasida qanday ilmiy yangilik yoki yechim kutilmoqda?”
Pedagogik maqsad quyidagi xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak:
Aniq: mavhum, umumiy iboralardan xoli bo‘lishi;
Tadqiqot predmeti bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi;
O‘lchab bo‘ladigan va real tadqiqot natijasini ko‘zda tutishi;
Yangilik elementini o‘z ichiga olishi (yangi yondashuv, texnologiya, metodika va boshqalar).
Ilmiy maqsad quyidagi talablarga javob berishi zarur:
Aniq va lo‘nda bo‘lishi;
Izchil va izohli tarzda ifodalanishi;
Tadqiqotning mazmuniga to‘g‘ri kelishi;
Amaliy va nazariy asosga ega bo‘lishi.
Ilmiy maqsadning shakllanish bosqichlari
Pedagogik izlanishlarda ilmiy maqsad quyidagi bosqichlarda shakllanadi:
1. Muammo aniqlanadi – mavjud muammo aniqlanib, izlanish obyekti tanlanadi;
2. Muammo tahlil qilinadi – uning nazariy va amaliy jihatlari o‘rganiladi;
3. Ilmiy maqsad belgilanadi – tadqiqotchi o‘z oldiga qanday natijaga erishishni aniq belgilaydi;
4. Vazifalar ishlab chiqiladi – bu maqsadga erishish uchun ketma-ket bajarilishi lozim bo‘lgan bosqichlar.
Ilmiy maqsad va uning boshqa tushunchalar bilan bog‘liqligi
Ilmiy maqsad ko‘pincha quyidagi tushunchalar bilan chalkashib ketadi:
Vazifa – bu maqsadga erishish uchun bajariladigan bosqichli ishlar.
Gipoteza – bu taxminiy ilmiy javob, uni tekshirish kerak.
Natija – maqsadga erishish orqali olinadigan ilmiy yechim.
Shuning uchun ilmiy maqsad ularning har biriga yo‘nalish beruvchi va integratsiyalovchi rol o‘ynaydi.
Pedagogik tadqiqotlarda ilmiy maqsadning o‘ziga xosliklari
Pedagogik tadqiqotlar doirasida ilmiy maqsad quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:
Pedagogik hodisani chuqur tahlil qilish (masalan: “o‘quvchilarning mustaqil fikrlashini rivojlantirishning shart-sharoitlarini aniqlash”);
Amaliy model yaratish (masalan: “metodik tizim asosida innovatsion o‘qitish texnologiyasini ishlab chiqish”);
Tajriba asosida samaradorlikni aniqlash (masalan: “sinfdan tashqari ishlar orqali o‘quvchilar qiziqishini oshirish samaradorligini tahlil qilish”).
Ilmiy maqsadni shakllantirishda yo‘l qo‘yiladigan xatolar
Tadqiqotchilar ko‘p hollarda quyidagi xatolarga yo‘l qo‘yadi:
Maqsadning umumiy va mavhum ifodalanishi;
Maqsad bilan vazifalarning bir-biriga aralashib ketishi;
Maqsadda ilmiy yangilikning aniq ko‘rsatilmasligi;
Tadqiqot mavzusi bilan maqsad o‘rtasidagi nomuvofiqlik.
Misol uchun noto‘g‘ri:
“Ta’lim sifati bo‘yicha izlanish olib boorish” – bu juda umumiy.
To‘g‘ri:
“O‘rta ta’lim muassasalarida zamonaviy baholash mezonlari asosida ta’lim sifati monitoring tizimini ishlab chiqish.”
Bu xatolar tadqiqotning mantiqiy asosini buzadi va ilmiy darajasini pasaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, ilmiy maqsad – bu tadqiqotning asosiy yo‘nalishini belgilab beruvchi strategik nuqtadir. U to‘g‘ri shakllantirilsa, butun ilmiy izlanish mantiqiy asosda, tartibli va izchil olib boriladi. Ayniqsa, pedagogik sohada ilmiy maqsad nafaqat tadqiqot yo‘nalishini belgilaydi, balki uning amaliy qiymatini ham ko‘rsatib beradi. Shu bois, ilmiy ish boshlanishida maqsadni to‘g‘ri qo‘yish – muvaffaqiyatli ilmiy izlanish kalitidir.
Pedagogik tadqiqotlarda ilmiy maqsad esa bu izlanishning ichki tizimini belgilovchi, natijani oldindan yo‘naltiruvchi asosiy komponentdir. To‘g‘ri qo‘yilgan maqsad tadqiqotning aniqligini, samaradorligini va ilmiy qadrini belgilaydi. Ayniqsa, pedagogik sohada ilmiy maqsadning mavjudligi, uni bosqichma-bosqich vazifalar orqali amalga oshirish imkoni, izlanishni nazariy va amaliy jihatdan mustahkamlaydi. Shu sababli, har qanday pedagogik izlanish bosqichida ilmiy maqsad eng asosiy ilmiy metodologik talab sifatida e’tirof etiladi.