Ma’lumki, Prezidentimizning 2024-yil 2-fevraldagi 54-son qaroriga asosan faoliyati takomillashtiriladigan muassasalardan biri sifatida Uchtepa tumanidagi 129-maktab Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga biriktirilgan.
Joriy yilning 1-mart kuni ushbu maktabda Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiya Isroilova tavalludining 109-yilligi munosabati bilan “Tong kuychisi” nomli adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.
Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan Zulfiya hayotiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari, shoira ijodidan she’rlar hamda raqslar ijro etildi.
O‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan adabiy-badiiy kechada, shuningdek, shoira ijodiga bag‘ishlangan “Eng yaxshi she’r ijrochisi” ko‘rik tanlovining taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.
O‘quvchilarning kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan tanlovga ishtirokchilar tomonidan 58 ta videorolik yuborilgan.
Ushbu videoroliklar orasidan eng yaxshilari tanlab olinib, g‘olib va sovrindor o‘quvchilar markaz tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.