Sayt test rejimda ishlamoqda

Yangi darsliklardan foydalanish boʻyicha oʻqituvchilar malakasi oshiriladi

18.08.2023


Maʼlumki, davlatimiz rahbarining maktab taʼlimi sifatini oshirish, oʻqitish metodikasini takomillashtirish boʻyicha belgilab bergan vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida ilgʻor xorijiy tajribalar asosida 1-4-sinf darsliklari yangidan tayyorlandi.



Joriy yilning 14-17-avgust kunlari Toshkent shahrida “Boshlangʻich sinflarda oʻqitishning zamonaviy metodikasi” mavzusida boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun malaka oshirish kursi tashkil etilmoqda.


Tadbir Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilib, oʻqituvchilar malakasini oshirish tashabbusini AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ham qoʻllab-quvvatladi.


Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Taʼlimni rivojlantirish ilmiy-metodik markazi direktori Voxid Xamidov, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Uzoqboy Begimkulov va boshqalar yangi darsliklar taʼlim oluvchilarda XXI asr koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarga boy ekanligini taʼkidlar ekan, hududiy trenerlarni malaka oshirish kursi mashgʻulotlarida faol ishtirok etishga chaqirishdi.



Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Taʼlimni rivojlantirish ilmiy-metodik markazi direktori Voxid Xamidov, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Uzoqboy Begimkulov va boshqalar yangi darsliklar taʼlim oluvchilarda XXI asr koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarga boy ekanligini taʼkidlar ekan, hududiy trenerlarni malaka oshirish kursi mashgʻulotlarida faol ishtirok etishga chaqirishdi.



Toʻrt kunlik kurs davomida darslik mualliflari va ilgʻor amaliyotchi oʻqituvchilar tomonidan hududiy trenerlarga boshlangʻich sinflarda fanlarni oʻqitish metodikasi, oʻquvchilar natijalarini baholash, bunda fanlararo integratsiyani taʼminlash kabi mavzularda mashgʻulotlar tashkil etiladi.

Taʼkidlash joizki, yangi darsliklar taʼlim oluvchilarda XXI asr koʻnikmalarini shakllantirishda “4K” modelini (kritik fikrlash, kreativlik, kollaboratsiya, kommunikatsiya) qoʻllash orqali oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.



Kurs davomida trenerlar boshlangʻich sinflarda 4K modelini darsliklar, mashq daftarlari va oʻqituvchi metodikasi hamda raqamli resurslar yordamida oʻquvchilarda hayotiy koʻnikmalarni shakllantirishning pedagogik yechimlari boʻyicha interfaol jarayonlarda tajriba almashadilar va tajriba orttiradilar.



Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan hududiy trenerlar koʻmagida kaskad shaklida shunday oʻquvlarda boshlangʻich taʼlim boʻyicha maktab metodik birlashma rahbarlari va barcha boshlangʻich sinf oʻqituvchilarga ham yangi darsliklardan foydalanishni oʻrgatish koʻzda tutilgan.