Sayt test rejimda ishlamoqda

Yangi darsliklardan foydalanish boʻlajak oʻqituvchilarga talabalik paytidan boshlab oʻrgatiladi

30.08.2023

Xabaringiz bor, joriy oʻquv yilidan boshlab boshlangʻich sinf oʻquvchilariga ilgʻor xorijiy tajribalar asosida yaratilgan yangi darsliklar asosida taʼlim beriladi. Bugungi kunda ushbu darsliklardan foydalanish boʻyicha boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining malakasi oshirilmoqda.



Joriy yilning 29-30-avgust kunlari Toshkent davlat pedagogik universitetining boshlangʻich taʼlim fakulteti professor-oʻqituvchilari uchun mazkur yangi darsliklardan foydalanish boʻyicha boʻlajak oʻqituvchilarning bilim va koʻnikmalarini talaba paytidanoq shakllantirish boʻyicha malaka oshirish kursi tashkil etildi.


Taʼkidlash joizki, yangi darsliklar taʼlim oluvchilarda XXI asr koʻnikmalarini shakllantirishda “4K” modelini (kritik fikrlash, kreativlik, kollaboratsiya, kommunikatsiya) qoʻllash orqali oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.



Kurs davomida darslik mualliflari va respublika trenerlari ishtirokchilarga oʻqitishning 4K modeli va uni boshlangʻich sinflarda qoʻllash, oʻquvchilarda hayotiy koʻnikmalarni shakllantirishning pedagogik yechimlari boʻyicha mashgʻulotlar oʻtib, tajriba almashishmoqda.



Ushbu kursda malaka oshirgan pedagogika universiteti professor-oʻqituvchilari boʻlajak oʻqituvchilarining yangi darsliklardan foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini talabalik paytidanoq oshirib borishadi.