Joriy yilning 1-may kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan navbatdagi uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda taʼlim sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Taʼlimni rivojlantirish markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibini tayyorlash hamda xalqaro ekspertlarni jalb qilishda koʻrsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirar ekan, markazga yana bir qator muhim hujjatlarni ishlab chiqish vazifasi belgilangani va bunda YUNISEF koʻmagi zarur boʻlishini taʼkidladi.
“Joriy yilning 27-mart kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 157-son qarorida Taʼlimni rivojlantirish markaziga bir qator muhim vazifalar belgilandi.
Bundan tashqari, taʼlim vazirliklari bilan birgalikda ilgʻor xorijiy davlatlarning tajribalari asosida taʼlim turlarining uzluksizligi va uzviyligini taʼminlagan holda maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlimning oʻquv reja va dasturlariga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash belgilangan.
Mazkur hujjatlarni ishlab chiqish jarayoniga mamlakatimizdagi ilgʻor olimlar, amaliyotchi oʻqituvchilar va tajribali xorijiy mutaxassislar jalb qilinmoqda. Bu borada YUNISEF bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi”, – dedi Yuliya Risyukova.
Oʻz navbatida, YUNISEF vakillari markaz tomonidan ishlab chiqilayotgan ushbu hujjatlar taʼlim sohasini rivojlantirish uchun dolzarbligini taʼkidlab, islohotlarga tizimli yondashish uchun ularni sifatli tayyorlash va amaliyotga joriy etish muhimligini maʼlum qilishdi.
Uchrashuv yakunida muloqotlar va hamkorlikni uzviy davom ettirishga kelishib olindi.