Sayt test rejimda ishlamoqda

Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik boʻyicha vazifalar muhokama qilindi

26.09.2023


Joriy yilning 25-sentyabr kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, USAID, JICA, Britaniya Kengashi kabi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Taʼlim boʻyicha hamkorlik bitimida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga bagʻishlangan seminar tashkil etildi.


Tadbirni kirish soʻzi bilan bilan ochib bergan Taʼlimni rivojlantirish markazi direktori Vohid Xamidov markazga bir qator dolzarb vazifalar belgilab berilganini taʼkidlar ekan, buning uchun xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda mavjud holatni chuqur oʻrganish, tahlil qilish va talablarni xorijiy tajribani hisobga olgan holda takomillashtirilishini maʼlum qildi.



Shuningdek, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Taʼlim sektori boʻyicha rahbari Alberto Biankoli Oʻzbekistonda taʼlim tizimini takomillashtirish, jumladan maktabgacha, oʻrta taʼlim bosqichlariga xalqaro tajribalarni joriy etish masalasi yuzasidan fikr bildirib oʻtdi.


Jahon banki vakili yuqoridagi masalalar yuzasidan kelajakdagi loyihalarga va maqsadlariga amaliy yordam berilishi, mazkur natijalarga erishish uchun aniq rejalar mavjudligini maʼlum qildi.


Shundan soʻng, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan inklyuziv taʼlim olish mexanizmlarini takomillashtirishga doir takliflar ilgari surildi.



Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki vakili tomonidan oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha bir qancha loyihalar yoʻlga qoʻyilganligi hamda STEM boʻyicha amaldagi loyihalari haqida maʼlumot berildi.


USAID vakillari tomonidan 1-11 sinflari uchun ingliz tilini ikkinchi xorijiy til sifatida oʻqitish, 5-11 sinflar uchun ICT yoʻnalishi boʻyicha oʻqitishni takomillashtirishga doir qator takliflar ilgari surildi.



Bundan tashqari, Britaniya Kengashi vakillari 2022-2024-yillarda kommunikativ baholashning asosiy tamoyillarini oʻrganish uchun yangi baholash modulini ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazish boʻyicha loyiha amalga oshirilayotganligi qayd etildi.



Shuningdek, kelajakda ingliz tilini oʻrganish va oʻrgatish, oʻqituvchilarni malakasini oshirish va xorijiy til sertifikatsiyasini olish va berish boʻyicha rejalar mavjudligi bildirildi.


Birinchi kun muhokamalari yakunida hamkorlik aloqalarini izchil davom ettirishga kelishib olindi.