Joriy yilning 10-may kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Boʻka tumanidagi 8-maktabda Toshkent viloyati pedagoglari uchun “Metodik marafon” tashkil etildi.
Toshkent viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirdan koʻzlangan maqsad umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining oʻquv-tarbiya jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni, oʻqitishning samarali shakl va usullarini joriy etishda pedagoglarning kasbiy rivojlanishiga koʻmaklashish va metodik qoʻllab-quvvatlash hisoblanadi.
Seminarni kirish so‘zi bilan ochib bergan Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori v.v.b Yuliya Risyukova maktab jamoasiga viloyat seminarini tashkil qilish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirar ekan, yangi metodikalarni o‘rganish va bu borada oʻzaro tajriba almashish barcha uchun foydali bo‘lishini ta’kidladi.
Unda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi mutasaddilari, Toshkent viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o'rgatish milliy markazi mutaxassislari hamda viloyatdagi tuman-shaharlardagi maktablarning pedagoglari ishtirok etdi.
Metodik marafon oʻqish savodxonligi, matematika, tabiiy fanlarva boshlang‘ich ta’lim yoʻnalishlarida 4 ta shoʻbaga boʻlingan holda tashkil etildi.
Oʻqish savodxonligi yoʻnalishi boʻyicha baholashdagi zamonaviy yondashuvlar va uning maktab taʼlimiga tatbiqi, boshlangʻich taʼlim sifatini oshirishda xalqaro dasturlarga tayyorgarlikni amalga oshirish orqali oʻquvchilarda tadqiqotchilik koʻnikmalarini shakllantirish, PISA xalqaro baholash tadqiqotiga tayyorlanishda oʻquvchilarda matn bilan ishlash koʻnikmasini shakllantirish kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Tabiiy-ilmiy savodxonlikni rivojlantirish maqsadida oʻquvchilarning tabiiy-ilmiy savodxonligini oshirishda pedagogik dasturiy vositalardan foydalanish, TIMMS xalqaro tadqiqotining baholash vositalaridan foydalanish hamda tabiiy fanlar yoʻnalishi boʻyicha PISA xalqaro tadqiqotining mazmuni va mohiyati kabi mavzular boʻyicha taqdimotlar qilindi.
Matematik savodxonlikni rivojlantirish uchun esa oʻqitishning interfaol usullari va zamonaviy pedagogik dasturiy vositalardan foydalanish, PISA xalqaro tadqiqotlarida matematik savodxonlik oshirishning samarali usullari hamda oʻquvchilarning matematik savodxonligini oshirishda pedagogik dasturiy vositalardan foydalanish kabi mavzular haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida o‘quvchilarning matematik savodxonligini rivojlantirishda ta’limiy o’yinlar va metodlar, o‘quvchilarda XXI asr ko'nikmalarini shakllantirish, boshlang'ich sinflarda o'quvchilar bilimini baholash yuzasidan o‘zaro tajriba almashildi.
Tadbir davomida, shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Digital Finance” akseleratsiya markazi direktor oʻrinbosari Xayitov Azizbek tomonidan virtual reallik texnologiyasini laboratoriya mashgʻulotlarida foydalanish imkoniyatlariga bagʻishlangan master-klass ham oʻtkazib berildi.
Mashgʻulotlar interaktiv koʻrinishda tashkil etilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.
Oʻz navbatida ishtirokchi pedagoglari ushbu metodik marofon davomida olingan yangi metodikalarini oʻzlari dars beradigan maktablardagi hamkasblariga ham ulashishadi.
Bu kabi metodik marafonlar oʻqituvchilarga qulay vaqtlarda doimiy tashkil qilib boriladi hamda 2024-yil yakuniga qadar 100 ming nafardan ortiq oʻqituvchilarni qamrab olish rejalashtirilgan.