Joriy yilning 9-oktyabr kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida The Physics Aviary virtual laboratoriya platformasining oʻzbek tilidagi versiyasi taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda The Physics Aviary virtual laboratoriya platformasi asoschisi Frenk Makkoli, Ta’limni rivojlantirish markazi rahbariyati va mutasaddi xodimlari hamda umumta’lim maktablarida fizika fanidan dars berib kelayotgan amaliyotchi o‘qituvchilar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ta’lim jarayonlarida interaktiv texnologiyalar virtual laboratoriyalardan foydalanish ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, The Physics Aviary platformasining mahalliylashtirilishi bu borada oldinga tashlangan muhim qadamlardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, mazkur platforma fizika fani boʻyicha yuqori sifatli grafika va vizual simulyatsiyalarga asoslangan interaktiv taʼlim resurslarini taqdim etadi.
Bunda 183 ta laboratoriya mashgʻulotlari, 18 ta vositalar, 66 ta taʼlim oʻyinlari hamda 348 ta fizika faniga oid topshiriqlar jamlangan.
Ushbu platforma oʻquvchilarning nafaqat nazariy bilimlarini mustahkamlash, balki ilmiy-tadqiqotchilik va hayotiy koʻnikmalarini rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.