Sayt test rejimda ishlamoqda

Ta’limga raqamli texnologiyalarni joriy etish samarali boshqaruvning muhim omili bo‘ladi

16.04.2024


Davlat boshqaruvi va jamoat xizmatlarini raqamlashtirish bugungi kunda jahondagi eng muhim vazifalardan biriga aylandi. Taʼlim sohasi ham bundan mustasno emas. Xususan, taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, taʼlim jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish, masofaviy va onlayn taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish davlatlarning strategik rivojlanish dasturlarida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanmoqda.


Oʻzbekistonda ham Prezidentimiz tashabbusi bilan 2022-yilda qabul qilingan "Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi"da taʼlim sohasini raqamli transformatsiya qilish, onlayn taʼlim platformalarini yaratish, masofaviy taʼlim texnologiyalari va axborot tizimlarini rivojlantirish kabi muhim vazifalar belgilab berilgan.


Bu borada ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va ulardan ijodiy foydalanish, raqamli taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Yaqinda Qozogʻiston Respublikasi Ostona shahrida boʻlib oʻtgan "Samarali boshqaruv va raqamli texnologiyalar asosida hukumat yaratish" mavzusidagi xalqaro seminar ana shunday hamkorlik namunasi boʻldi. Unda Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bosh mutaxassisi Shukurullo Sagʻdullayev ham ishtirok etdi.



Seminarda Singapurning raqamli taʼlim sohasidagi noyob tajribasi bilan yaqindan tanishish imkoniyati boʻldi. Xususan, "Oʻquvchi har doim birinchi oʻrinda" (Students First) tamoyiliga asoslangan Singapur taʼlim tizimi, sunʼiy intellekt va BigData texnologiyalarini oʻquv jarayoniga integratsiya qilish, oʻquvchilarning individual ehtiyojlariga moslashtirilgan adaptiv oʻqitish platformalari, oʻqituvchilarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish tizimi kabi jihatlar Oʻzbekiston taʼlim tizimini isloh qilishda ham juda foydali boʻlishi mumkin.


Tadbirda shuningdek, Qozogʻistonning pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va masofaviy taʼlim modullarini joriy etish, "Mektepke raqamli safar" loyihasi doirasida 7000 dan ortiq maktablarni kompyuter texnikasi va yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash, Almaty Data Lake loyihasi doirasida xamma vazirliklarning turli maʼlumotlarini yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilish imkoniyatlari bor.


Shu jumladan oʻquv jarayoni samaradorligini oshirish, kabi ijobiy tajribalari ham diqqatga sazovor boʻldi. Almaty Data Lake loyihasi sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar texnologiyalaridan foydalangan holda oʻquvchilarning individual ehtiyojlarini aniqlash, oʻquv dasturlarini optimallashtirish va taʼlim sifatini yaxshilashga koʻmaklashadi.



Qozogʻiston va Singapurdan oʻrganilgan gʻoya va yechimlar Oʻzbekiston taʼlim tizimini raqamli asosda modernizatsiya qilishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi. Xususan, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi rahbariyati va mutaxassislari quyidagi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda:


1. Singapurning adaptiv oʻqitish platformalari tajribasidan kelib chiqib, oʻquvchilarning qiziqish va imkoniyatlarini inobatga olgan holda individuallashtirilgan onlayn darslarni ishlab chiqish.


2. Pedagoglarning raqamli savodxonligi va kompetensiyalarini tizimli ravishda oshirib borish, sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar, virtual va qoʻshimcha reallik kabi zamonaviy vositalardan foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirish.


3. Oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikda raqamli taʼlim texnologiyalari, platformalari va kontentini mahalliylashtirish hamda takomillashtirish boʻyicha innovatsion loyihalarni amalga oshirish.


Shubhasiz, ushbu loyihalar Oʻzbekiston taʼlim tizimida sifat va samaradorlikni oshirish, raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish, oʻquvchi va talabalarning individual salohiyatini roʻyobga chiqarish, oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini yuksaltirishga asos boʻladi.


Bunday tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirish maqsadida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi Qozogʻiston va Singapurdagi hamkor tashkilotlar bilan yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.