Sayt test rejimda ishlamoqda

Ta’lim va tadqiqot mamlakat iqtisodiyoti drayveri: Hindistonning rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi nimaga bog‘liq?

16.07.2024



Joriy yilning iyul oyida Hindistonning Mumbay shahrida “Oliy taʼlimda boshqaruv” mavzusida malaka oshirish kursi boʻlib oʻtdi.


Hindiston hukumatining Tashqi ishlar vazirligiga qarashli Hindiston texnik va iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (ITEC) tomonidan oʻtkazilgan dasturda dunyoning 25 davlatidan taklif qilingan 30 nafar taʼlim sohasi mutaxassislari qatorida Taʼlimni rivojlantirish Respublika ilmiy-metodik markazi boʻlim boʻshligʻi Rashid Tojiboyev ham ishtirok etdi.


“Oliy taʼlimda boshqaruv” kursi davomida taʼlim xususan oliy taʼlim tizimida boshqaruv, liderlik, strategik rejalashtirish, innovatsiyalar, oʻquv dasturlari, xalqaro reytinglar va xususiylashtirish masalalari yuzasidan ishtirokchi mamlakatlarda duch keladigan muammolarni muhokama qilinib, “Oliy taʼlim 4.0” dasturini joriy qilish yuzasidan oʻzaro tajribalar almashildi. Kursning bosh gʻoyasi Sanoat 4.0 da qanday qilib Oliy taʼlim 4.0 ni barpo qilish mumkinligi haqida boʻldi.


Ushbu 3 haftalik kurs davomida Hindistonning taʼlim tizimi bilan yaqindan tanishish, davlatlardan kelgan taʼlim sohasi vakillari bilan, ular duch kelayotgan muammolar, ushbu muammolarni bartaraf etish yoʻllari, yutuqlari bilan tanishish imkoniyati boʻldi.


Mashaqqatli biroq ko‘p foyda keltiruvchi soha


Qayd etish lozimki, oliy ta’lim sohasida “Oliy taʼlim 4.0” loyihasini tizimga joriy qilish mashaqqatli ekanligi bilan bir qatorda iqtisodiy jihatda ko‘p xarajat ham talab qiladi. Xususan, mazkur tizim joriy qilingan davlatlarda har bir talaba uchun yiliga 10 ming AQSh dollaridan ortiq mablagʻ sarflansa, Hindistonda esa bu miqdor 400 AQSh dollarini tashkil etadi.


Hozirda TOP-1000 OTMlar reytingida THE talqini boʻyicha 43 ta, QS talqini boʻyicha 31 ta Hindiston OTMlari oʻrin olgan. Mamlakat YaIMning 0.64 foizi (17.2 mlrd AQSh dollari) ni tadqiqotlarga sarflanadi.

Natijada, mamlakat iqitsodiyoti tibbiyot va IT sanoati yoʻnalishlari bo‘yicha mos ravishda yiliga 372 milliard AQSh dollari (YaIMning 11 foizi) va 193 milliard AQSh dollari (YaIMning 8 foizi)ga boyigan.  Ushbu sohalar ortida Hindiston tibbiyot va AKTga ixtisoslashgan taʼlim muassasalarining hissasi yuqori.


Xususan, Butun Hindiston tibbiyot fanlari instituti (205 million AQSh dollari) va Bangalordagi Hindiston fanlar instituti (545 million AQSh dollari) umumiy byudjetining oʻzi jami 750 million AQSh dollarini tashkil etadi.


Ilmiy salohiyat va patentlardan keladigan daromad koʻrsatkichi universitetlarning qanchalik samaradorligini belgilab beradi. Misol uchun Hindiston 2023-yilning oʻzida 90 mingdan ziyod patent bilan dunyoda 6-oʻrinni egallagan. Bu patentlarning asosiy qismi, injenerlik va biotexnologiya sohalariga toʻgʻri keladi. Ushbu texnologik transferlarning nominal qiymati Hindiston YaIMning 30 foizini tashkil qilmoqda.


Birgina “Mumbay kimyoviy texnologiya instituti”ning bitiruvchilari tashkil qilgan kompaniyalar daromadining taxminiy qiymati 315 mlrd AQSh dollariga yetadi. Solishtirish uchun, Finlyandiyaning YaIM qiymati 300 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi. Bu esa Hindiston YaIMning 8 foizi degani.


Ilmiy tadqiqotlar — iqtisodiyot drayveri


Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Nega universitetlar kompaniyalar qilgan ishni qilmaydi, yoki nega kompaniyalar universitetlar tutgan yoʻldan bormaydilar?


Hindiston oliy taʼlim muassasalariga toʻxtalsak, 1 286 ta oliy taʼlim muassasalari hamda 50 534 ta kollejlar mavjud. Bu taʼlim muassasalarida jami 41,4 mln talaba tahsil oladi. Bu 18–23 yoshlar oʻrtasida har 28 kishidan bir nafari talaba ekanligini anglatadi.


Oliygohlardagi jami professorlar-oʻqituvchilar soni 4.2 mln atrofida boʻlib, har 27 kishidan bittasi ilmiy sohada faoliyat yuritadi. Hindistonda 5 xil turdagi oliy taʼlim muassasalari mavjud boʻlib, ular: markaziy, shtat, xususiy, “deemed” va milliy ahamiyatga ega boʻlgan oliygohlarga boʻlinadi.


Bundan tashqari, Hindistonda 1 ta milliy ochiq va 17 ta shtat ochiq oliygohlari mavjud. Bu oliygohlardan maqsad, kuchli tabaqalanishni kamaytirishdan iborat. Bu kabi ta’lim tashkilotlarida mashgʻulotlar masofadan olib borilib, unda aholining barcha qatlamidan vakillar tahsil olishlari mumkin.


Birgina Indira Gandi milliy ochiq universitetida 3,5 mln talaba tahsil oladi. Toʻlov shartnoma miqdori semestriga bakalavrlar uchun 60 AQSh dollari, magistrlar uchun esa 180 AQSh dollaridan boshlanadi.

Qisqacha qilib aytganda, Hindistonda oliygohlarni taʼlim, ilm, tadbirkorlik faoliyati bilan birgalikda davlatni iqtisodiyotiga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir oʻtkaza oladigan yirik “korporatsiyalardir”. Universitetlarning qaysi avlodga tegishliligi, oʻsha davlatning iqtisodiy kuchini koʻrsatib beradi.


Zero, aynan shu kabi ta’lim dargohlaridagi fan–ta’lim–amaliyot zanjiri mamlakatlarda inson kapitalining rivojlanishiga, bu esa pirovardida iqtisodiyotda o‘sish ko‘rsatkichlarining muntazam davom etishiga xizmat qiladi.