Joriy yilning 11-iyun kuni Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida ta’lim sohalarini muvofiqlashtirish milliy ta’lim guruhi (LEG) yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda UNICEF tashkiloti, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktabgacha ta’lim vazirligi vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda 2023-2026 yillarga moʻljallangan taʼlimni isloh qilish boʻyicha Milliy hamkorlik kelishuvini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha yangiliklar, raqamli ta'limning joriy tashabbuslari va ta'lim natijalarini yaxshilash uchun texnologiyadan foydalanish bo'yicha pilot loyiha natijalariga doir masalalar muhokama qilindi.
Tadbir davomida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylik va uzluksizlikni ta’minlashda xalqaro hamkorlik aloqalarining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tar ekan, bu kabi hamkorlik aloqalari soha rivojida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
“Jadal rivojlanib borayotgan bugungi zamonda barcha sohalar qatorida ta’lim standartlarini ham takomillashtirib borish eng dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda.
Shu xususda 2024-yil 27-mart kuni Vazirlar Mahkamasining157-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan “Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Taʼkidlash joizki, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan mazkur nizomni ishlab chiqish jarayoniga YUNISEF tashkiloti koʻmagida xalqaro ekspertlar jalb qilindi. Bu borada markazimiz tomonidan AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada kabi ilg‘or mamlakatlarning tajribalari oʻrganildi.
Shu o‘rinda mazkur hujjatlarni ishlab chiqishda bizga yaqindan ko‘maklashayotgan hamkorlarimizga minnatdorligimizni bildiramiz.
Ishonamizki, bu hamkorlik ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylik va uzluksizlikni ta’minlashda yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni hal qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi”, – dedi Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova.
Shu bilan birgalikda muhokamalar davomida ta'lim sohasidagi yangi dasturlar va tashabbuslar yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida muloqot davomida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini izchil davom ettirishga kelishib olindi.