Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishi bilan Xamidov Vohid Sobirovich Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori lavozimiga tayinlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining farmoyishi bilan Rыsyukova Yuliya Vasilevna Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
Joriy yilning 1-iyun kuni Prezident Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Komil Allamjonov, Prezident maslahatchisi Odil Abdurahmonov, Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva hamda masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yangi markaz oldiga qoʻyilgan vazifalar, taʼlim sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Komil Allamjonov ushbu tayinlov mamlakat taʼlim tizimi rivoji yoʻlida muhim qadam boʻlishini qayd etgan.
“Vohid Sobirovich hamda Yuliya Vasilevna bilan uzoq yillar hamkorlikda ishlaganmiz, koʻp loyihalarni birgalikda amalga oshirganmiz. Men ularni taʼlim sohasining zamonaviy va ilgʻor mutaxassislari sifatida yaxshi bilaman. Ushbu tayinlov mamlakatimiz taʼlim tizimi rivoji yoʻlida muhim qadam boʻladi, deb umid qilaman.” – dedi Komil Allamjonov.
Saida Mirziyoyeva mamlakatimiz taʼlim sohasida qilinadigan ishlar juda koʻpligini taʼkidlar ekan, yangi tayinlovlar haqida fikr bildirdi.
“Taʼlim sohasida qilinadigan ishlarimiz juda koʻp, ammo buning uchun yetuk kadrlar juda zarur. Bugun Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga tayinlangan mutaxassislarni oʻz sohasining professional vakillari, deb hisoblayman.
Ularning oldida koʻplab muhim vazifalar turibdi. Oʻylaymanki, ushbu tayinlov taʼlim tizimimiz uchun manfaatli boʻladi.” – dedi Saida Mirziyoyeva.
Yakunda taʼlim sohasida masʼul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha rejalar belgilab olindi.