Sayt test rejimda ishlamoqda

Taʼlimni rivojlantirish markazi xodimlari xalqaro tajriba almashish dasturida ishtirok etib qaytdi

18.11.2024


Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bo‘lim boshlig‘i Alisher Mamatov va bosh mutaxassisi Avazjon Shakirovlar Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahridagi UNESCO oʻqituvchilarni rivojlantirish markazi tomonidan tashkil etilgan raqamli asrda oʻqituvchilarning shaxsini rivojlantirish boʻyicha "”Bir makon, bir yoʻl” almashinuv loyihasi doirasidagi xalqaro ilmiy-amaliy dasturda muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytdi.



Dasturda 20 ta davlatning 44 nafar taʼlim sohasi vakillari ishtirok etdi. 2 hafta davom etgan oʻquv seminar jarayonlarida oʻqituvchilarning kasbiy rivojlanishi, axloqiy va ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashning samarali usullarini oʻrganish, emotsional va texnologik rivojlanish, bilimlar almashinuvi va global taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, taʼlimda raqamlashtirish, oʻquv jarayonlariga sunʼiy intellektning joriy qilinishi, Xitoyning xalqaro baholash dasturlaridagi ishtiroki kabi maʼruzalar kun tartibidan oʻrin oldi.



Shuningdek, dastur doirasida Shanxay, Kunshan, Sujou, Nantong shaharlarida joylashgan maktablar, kasb-hunar kolleji, universitet va texnologik laboratoriyalarga, bundan tashqari, Xitoy taʼlimining innovatsion amaliyotlarini chuqurroq tushunish uchun Xitoyning “Renmin” universiteti “Silk Road” kolleji, Haimen fan va texnologiya muzeylariga tashriflar amalga oshirildi.



Ishtirokchilar dunyoda oʻqituvchilarning huquqiy maqomi, maqomidagi farqlar, ularning ijtimoiy va hissiy qobiliyatlarini rivojlantirish kabi keng koʻlamli masalalarni muhokama qildilar.



Taʼkidlash lozim, ushbu dastur, global taʼlim sohasida hamkorlikni kuchaytirish va innovatsiyalar uchun platforma yaratish, turli mamlakatlar oʻqituvchilari, taʼlim sohasi vakillari, tadqiqotchilar oʻrtasida oʻzaro tushunish va tajriba almashinuvlarni chuqurlashtirish, hamda birgalikda ularning kasbiy rivojlanishiga koʻmaklashishni maqsad qilgan.