Manba: Xinhua News
Joriy yilning 29–31-yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida “Butunjahon raqamli taʼlim – 2024" konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasi Taʼlim vazirligi, YUNESKO boʻyicha Xitoy Milliy komissiyasi va Shanxay shahar xalq hukumati hamkorligida oʻtkazilayotgan konferensiyada Xitoy Xalq Respublikasi Taʼlim vaziri taklifiga binoan, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Vohid Hamidov boshchiligidagi markaz xodimlari ham ishtirok etmoqda.
Manba: Xinhua News
Mazkur tadbirda 70 dan ortiq mamlakatlardan 400 dan ortiq oʻqituvchilar, siyosatchilar va texnologiya yetakchilari jam boʻlgan.
Kunning birinchi yarmida ishtirokchi davlatlarning taʼlim vazirlari, elchilari hamda bir qancha xalqaro tashkilot rahbarlari va vakillari taʼlimni raqamlashtirish mavzusida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etib, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash kerakligini qayd etib oʻtishdi.
Manba: Xinhua News
Kunning ikkinchi yarmida:
– oʻqituvchilarning raqamli savodxonligi va kompetentligini oshirish;
– taʼlimni raqamlashtirish va oʻrganuvchi jamiyatni shakllantirish;
– raqamli taʼlimni rivojlantirishning global tendensiyalari va baholash indeksi kabi uchta yoʻnalishda parallel sessiyalar bo‘lib o‘tdi.
Taʼkidlash lozimki, taʼlimdagi sunʼiy intellekt inqilobining zamirida raqamli imkoniyatlarni kengaytirish konsepsiyasi yotadi. Bu taʼlim oluvchilar va oʻqituvchilarga oʻz taʼlim tajribalarini koʻproq nazorat qilish uchun texnologiyalardan foydalanishni nazarda tutadi.
Taʼlim oluvchilar endi virtual reallik (VR) uskunalari bilan jihozlangan va oʻz sinf xonalarida tarixiy obidalar va madaniy yodgorliklarni oʻrganib, virtual sayohatlarga chiqishadi.
Manba: Xinhua News
Bu taʼlimning real hayotiy vaziyatlarga yaqinlashtirishi bilan birgalikda oʻquvchilarning bilim olish qobiliyatini yanada kuchaytiradi.
Shundan kelib chiqqan holda, ushbu konferensiyadan koʻzlangan maqsad raqamli taʼlim boʻyicha xalqaro ilgʻor tajribalarni oʻrganish va uni Oʻzbekistonga joriy etish hisoblanadi.
Maʼlumot uchun, mazkur xalqaro konferensiya 2023-yilning fevral oyidan har yili oʻtkazib kelinishi belgilangan.
Tadbirlar davomida taʼlimni raqamlashtirish, mamlakatlar tajribalari hamda ilmiy yangiliklar muhokama qilinadi.