Sayt test rejimda ishlamoqda

Taʼlim sifatini oshirishda innovatsion yondashuv: PhET bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

27.12.2023


Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va AQSHning Kolorado Boulder universiteti korporativ boshqaruv kengashi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.


Mazkur hujjatga koʻra, tomonlar innovatsion tajribalar va pedagogik dasturiy vositalar orqali oʻqitish usullarini modernizatsiya qilishda yaqindan hamkorlik qilishadi.


Shuningdek, memorandum bilan oʻzbekistonlik oʻqituvchi va oʻquvchilar PhET simulyatsiyalaridan foydalanishlari uchun qulaylik yaratiladi.


Xususan, hujjatda quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalari koʻzda tutilgan:


- PhET interaktiv simulyatsiyasi va ular orqali oʻqitish metodikalarini tarjima qilishni tashkil etish va simulyatsiyalar uchun mahalliy veb-saytni ishlab chiqish;


- PhET interaktiv simulyatsiyalarini, resurslarni, veb-sayt va boshqalarni Oʻzbekistondagi taʼlim tillariga tarjima qilish boʻyicha treninglar tashkil etish va doimiy yordam koʻrsatish;


- Oʻqituvchi va oʻquvchilar ehtiyojlarini aniqlash hamda PhET interaktiv simulyatsiyalaridan foydalanish boʻyicha tegishli tadbirlarni rejalashtirish;


- Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bilan yangi PhET interaktiv simulyatsiyalari boʻyicha davriy hisobotlarni ishlab chiqish va yangilanishlarda ishtirok etish.


Taʼkidlash joizki, taʼlim jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni, oʻqitishning samarali shakl va usullarini joriy etish Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazining asosiy vazifalar biri hisoblanadi.


Maʼlumot uchun, interaktiv taʼlim simulyatsiyalari turli hodisalar va jarayonlarni oʻquv jarayonlarida virtual simulyatsiya qilish uchun yaratilgan dasturiy modellardir.


Bu kabi simulyatsiyalar oʻquvchilarga virtual muhitlar bilan oʻzaro aloqada boʻlish, tajribalar oʻtkazish va kashf qilish imkoniyatini beradi, shu bilan ilmiy tushunchalarni chuqurroq tushunishga yordam beradi.


PhET interaktiv simulyatsiyasiga 2002-yilda Kolorado Boulder universitetida Nobel mukofoti sovrindori Karl Viman tomonidan asos solingan. Bugungi kunga qadar matematika, kimyo, fizika, biologiya, geografiya kabi fanlardan 168 ta simulyatsiya 121 tilga (111 ta oʻzbek tiliga, 91 ta rus tiliga, 80 ta qozoq tiliga, 38 ta tojik tiliga va 100 ta turkman tiliga) tarjima qilingan boʻlib, foydalanuvchilar ularni platformada topishlari mumkin.