Taʼlim – millatning yagona najoti. Sifatli taʼlimni taʼminlash esa davlatning asosiy vazifalaridan biri. Bunga erishish kompleks yondashuvni taqozo etadi. Buning uchun davlat faqat tashkiliy jarayonlarni rejalashtirish, amalga oshirish yetarli emas, balki taʼlimdagi har bir jarayonga ilmiy yondashish, muvaffaqiyatli jihatlarni yanada rivojlantirish, kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrishi kerak. Bunda xalqaro benchmarkingning (PIRLS, PISA, TIMSS v.b) oʻrni beqiyos.
Maʼlumki, xalqaro tadqiqotlarda natijalarimiz yaxshi emas. Oxirgi oʻntalikda turibmiz. Eʼlon qilingan aksariyat maqolalardan koʻrishimiz mumkinki, faqat kamchiliklar tahlilga tortilgan. Biz ham oʻrganganimizda, darhaqiqat, yaxshilanadigan jihatlarimiz bisyor ekranligini guvohi boʻldik. Biroq nahot muvaffaqiyatli jihatlarimiz yoʻq boʻlsa, degan savolga javob topishga urindik, taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir qiladigan jihatlar bor ekanligiga amin boʻldik. Bu haqida keyinroq toʻxtalamiz.
Taʼlim jarayonining oʻziga xosligi
Taʼlim – serqirra, koʻp komponentli jarayon(1-rasmga qarang). U bir-biri bilan bevosita va bilvosita bogʻliq boʻlgan bir qator jarayonlar uzviydir.
1-chizma. Taʼlim komponentlari, jarayonlari va masʼullar
Shuning uchun ham davlat miqyosida bir xil sifatli taʼlimga erishish oson emas. Taʼlim oldida belgilangan maqsad va erishilgan natija parallel boʻlishida nafaqat taʼlim uchun masʼul tashkilotlar, balki butun jamiyat yakdil harakat etishi, avvalo, muayyan konsensuslarga kelishib olishi, bir-birini qoʻllashi, toʻldirishi kerak. Xalq sifatida milliy taʼlim falsafasini belgilab olishi, belgilangan normalarga toqatsiz boʻlmasdan, unga xayrixoh boʻlishi kerak. Davlat esa YaIMning salmoqli qismini taʼlimga yoʻnaltirishi, taʼlim siyosatida dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish, mavjud resurslardan maqsadli foydalanish amaliyotini joriy etishi, ilmiy asoslangan, risk va yutuqlari toʻliq tahlil etilgan, ahamiyatlilik darajasi birlamchi boʻlgan sohalarga taqsim etilishi, avvalo, ona muammolar – boshqa muammolarni dunyoga keltiruvchi masalalar hal etilishi, yurtning saxovatpesha tadbirkorlari esa taʼlim uchun loyihalarini imkon qadar koʻpaytirishi, davlatga kamarbasta boʻlishi zarur. Bugungi globallashgan, jahon miqyosida ijtimoiy inqirozlar tobora kuchayib borayotgan bir davr davlat va jamiyatdan bir yoqadan bosh chiqarib, harakat etishini shart etib qoʻymoqda. Individ sifatida alohida rivojlanishni emas, omma sifatida yalpi rivojlanishni, oʻzbekistonliklar manfaatini ustuvor qilib belgilashni taqozo etmoqda.
Taʼlim natijalariga maktabdan tashqaridagi omillar taʼsiri
Taʼlimni rivojlantirishda ilmiy yondashish, har bir komponentning oʻquvchilar oʻzlashtirishiga taʼsirini ilmiy tadqiq qilish, tadqiqot xulosalari asosida taʼlim jarayonini takomillashtirish, “maktab–oila–mahalla” kollaboratsiyasini taʼminlash lozim. Mazkur tadqiqotimizda oʻquvchining oilasi, undagi taʼlim muhiti, ota-onasining oʻqishi va oʻrganishi bilan bogʻliq masalalarda qabul qilgan qarorlarining ularning oʻzlashtirishiga taʼsirini Oʻquvchilarni xalqaro baholash dasturi (PISA 2022) natijalari asosida ilmiy tahlilga tortdik. Bunda PISA 2022 tadqiqotlarida oʻquvchilarning natijasi va soʻrovnomaga bergan javoblarini birlashtirib, tahlil etdik. Buning uchun oʻzbekistonlik oʻquvchilarning PISA 2022 tadqiqotida erishgan natijalarini tahlil uchun tayyorlab oldik. Bunda ishtirok etgan oʻquvchilar ichidan soʻrovnomaga javob bermasdan oʻtkazib yuborgan yoki soʻrovnomani bajarish uchun vaqti yetmagan oʻquvchilar natijasini umumiy natijadan chiqarib tashladik. Shundan soʻng quyidagi maktab bilan bogʻliq boʻlmagan omillarning taʼlim natijalariga taʼsirini aniqlashga harakat qildik.(2-rasmga qarang.) Bunda quyidagi gipotezalarni ilmiy tekshirib koʻrdik:
– taʼlim natijalariga oiladagi taʼlim muhitining oʻrnini aniqlash (G1);
– taʼlim natijalariga oiladagi farovonlik darajasining taʼsirini aniqlash(G2);
– taʼlim natijalariga ota-ona va farzandlar muloqotining taʼsirini aniqlash(G3);
– taʼlim natijalariga oiladagi farzandlar sonining taʼsirini aniqlash (G4);
– taʼlim natijalariga oʻquvchilar ota-onasining ularni oʻqishi va oʻrganishi bilan bogʻliq masalalarda qabul qilgan qarorlari taʼsirini aniqlash (G5).
2-chizma. Oʻqitish natijalariga taʼsir qiluvchi maktab bilan bogʻliq boʻlmagan omillar
Tadqiqotimizda PISA 2022 xalqaro baholash dasturida oʻzbekistonlik soʻrovnoma egalarining baholashdan qayd etgan natijalarini birlashtirish orqali ilmiy gipotezalarimizni aniqlashga, tasdiqlashga urinib koʻrdik. Bunda OECD tashkiloti tomonida eʼlon qilingan natijalardan Oʻzbekiston natijalarini ajratib oldik. Shundan soʻng natijalarni tadqiqot uchun tayyor holatga keltirib oldik: oʻqish, matematika va tabiiy fanlardan 10 ta tekshiruvchi tomonidan baholangan natijalarni oʻrtacha qiymatini hisoblab oldik. Soʻngra, soʻrovnoma savollari tarkibidan gipotezalarimizga oidlarini aniqlab olib, natijalar bilan birga tahlil qildik.
Taʼlim natijalariga oiladagi taʼlim muhitining taʼsiri
Oʻquvchining taʼlimdagi natijalariga nafaqat maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, davlat tomonidan sifatli taʼlim berishning yoʻlga qoʻyilganligi, balki oiladagi taʼlim muhiti, uyda, turar joyida ham maktabda olingan bilim va egallangan koʻnikmalarni mustahkamlash, yanada rivojlantirish uchun mavjud shart-sharoitlar va oila aʼzolarining turtkisi, ragʻbatlantirishining oʻrni bor. Shu nuqtayi nazardan oʻzbekistonlik oʻquvchilarning PISA 2022 xalqaro baholash dasturidagi natijalarini tahlil qilib koʻrdik. Bunga koʻra maktabda berilgan vazifalarni bajarish uchun uyida kompyuter, noutbuk yoki plansheti mavjud boʻlgan oʻquvchilarning natijasi bunday imkoniyat mavjud boʻlmagan oʻquvchilarnikidan oʻrta hisobda 7 – 10 ball yuqori ekanligini koʻrishimiz mumkin.(1-jadvalga qarang.)
Maktabda berilgan vazifalarni bajarish uchun oʻquvchilar uyida foydalanadigan kompyuter (noutbuk, ish stoli kompyuteri yoki planshet) qurilmalari mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash yuzasidan berilgan savolga oʻzbekistonlik oʻquvchilarining javobi va qayd etgan natijalari
1-jadval.
Shu bilan birga, uyda taʼlim olishda internetning roli yuqori. Negaki bugungi kunda jahon internet tarmogʻida maktab fanlari boʻyicha koʻplab kontentlar mavjud. Bu esa taʼlim olish samaradorligiga taʼsir qiladi. Shu nuqtayi nazardan oʻzbekistonlik oʻquvchilarning xalqaro baholash dasturidagi natijalarini tahlil qilib, uyida internetga ulanish imkoniyati (masalan, Wi-fi tarmogʻiga v.b.) mavjud boʻlgan oʻquvchilarning natijasi bunday imkoniyat mavjud boʻlmagan oʻquvchilarnikidan oʻrta hisobda 5 – 7 ball yuqori ekanligiga amin boʻldik. (2-jadvalga qarang.)
Oʻquvchilarning yashash joyida internetga ulanish imkoniyati mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash yuzasidan berilgan savolga oʻzbekistonlik oʻquvchilarining javobi va qayd etgan natijalari
2-jadval.
Oʻquvchilarning oilada taʼlim olishida nafaqat internetning, balki kitoblarning ham oʻrni beqiyos. Bola kitobga muhabbat qoʻyishni olasidan, yaqinlaridan oʻrganadi. Ota-onalar bolalariga oʻqish uchun qancha koʻp kitob olib bersa, ularning kitob oʻqishini nazorat qilsa, albatta, bu natijasini beradi. Buning yorqin ifodasi xalqaro baholash natijalarida ham oʻz aksini topgan. Tadqiqot shuni koʻrsatmoqdaki, oʻquvchilarning uyida oʻqish uchun koʻplab kitoblar mavjud boʻlgan va kitoblari mavjud boʻlmagan oʻquvchilarning natijasi bir-biridan keskin farq qiladi. Uyida kitoblar mavjud boʻlgan oʻquvchilarning natijasi bunday imkoniyat mavjud boʻlmagan oʻquvchilarnikidan oʻrta hisobda 50 – 60 ball yuqori ekanligiga amin boʻldik. (3-jadvalga qarang.)
Oʻquvchilarning yashash joyida koʻplab kitoblar mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash yuzasidan berilgan savolga oʻzbekistonlik oʻquvchilarining javobi va qayd etgan natijalari
3-jadval.
Koʻrinadiki, oʻquvchining oilasida taʼlim olishi uchun yaratilgan yaxshi shart-sharoitlar, ijobiy taʼlim muhitining ularning fanlardan oʻzlashtirishiga sezilarli taʼsir qiladi.
Taʼlim natijalariga oiladagi farovonlik darajasining taʼsiri
Oiladagi farovonlik oʻquvchilarning taʼlim olishiga taʼsir qiladi. Shu nuqtayi nazardan PISA 2022 xalqaro baholash dasturida ham ushbu gipotezani asoslashga harakat qilingan. Bunga koʻra, oʻquvchilardan moddiy jihatdan farovon yashayotganligi tasdiqlash soʻralgan. Bunda farovonlik darajasi 10 taga ajratilgan. 10-daraja moddiy farovonlik jihatidan eng yuqori daraja (Olasidagilari koʻproq pul ishlab topadilar, yaxshi taʼlim oladilar va eng yuqori lavozimlarda ishlaydilar.) ekanligi uqtirilgan. Oʻquvchilarga oilasini ushbu darajalardan qaysi biriga kirishi soʻralgan.
Biz tahlilda ushbu darajalarni moddiy farovonlik nuqtayi nazaridan uch guruhga ajratib oldik, quyi daraja (1,2,3); oʻrta daraja (4,5,6,7) va yuqori daraja (8,9,10).
Oilasi quyi darajada farovon boʻlgan oʻquvchilardan oʻrta darajada farovon boʻlgan oʻquvchilarning natijasi oʻrta hisobda 35 – 40 ball yuqori ekanligini, oilasi yuqori darajada farovon boʻlgan oʻquvchilarnikidan esa 5 – 10 ball baland ekanligini koʻrishimiz mumkin. (4-jadvalga qarang.)
Oʻquvchilarining oilasi moddiy farovonligiga koʻra tasnifi va ular qayd etgan natijalari
4-jadval.
Shu ayon boʻladiki, oilasi oʻrta darajada farovon boʻlgan oʻquvchilarning natijasi boshqa guruhlarinikidan yuqori boʻlar ekan. Bir soʻz bilan aytganda, oʻquvchining oilasidagi farovonlik uning taʼlim olishiga, fanlardan oʻzlashtirish darajasiga sezilarli taʼsir qiladi. Biroq haddan tashqari farovonlik oʻquvchilarning taʼlim olishiga boʻlgan motivatsiyasini yoʻqotishi mumkin.
Taʼlim natijalariga ota-ona va farzandlar muloqotining taʼsiri
Maʼlumki, kapitalistik jamiyatda ota-onalar farovonroq yashash uchun muntazam ish faoliyati bilan shugʻullanadi. Ularning farzandlariga maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablar taʼlim-tarbiya berish bilan shugʻullanadi. Ertadan kechgacha ishlagan ota-onaning aksariyati ishdan charchab kelib, farzandlari bilan shugʻullanishga vaqt va hafsala topa olmaydi. Buning natijasida taʼlim ham, tarbiya ham oʻqituvchilar zimmasida qolib ketadi, maktablarda dars berish, oʻqituvchilik qilish kundan kunga ogʻirlashib boraveradi. Shunday boʻlishiga qaramay, farzandlari kelajakda raqobatbardosh boʻlishini istagan, yanada yaxshiroq natijaga erishishini xohlagan ota-onalar, farzandlari bilan kollaboratsiyani va kommunikatsiyani yaxshi yoʻlga qoʻyadi. Farzandining taʼlimi, tarbiyasi bilan muntazam qizib turadi, unga toʻgʻri yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi. Bu esa natijalarda ham oʻz aksini topadi. Jumladan, xalqaro baholash natijalarida ham buni tasdiqlamoqda. Tadqiqot shuni koʻrsatmoqdaki, oʻgʻil-qizining maktabdagi oʻqishini muntazam muhokama qilib, uni yaxshi baholar olishga har doim undaydigan ota-onalarning farzandlari bolasining taqdiriga mutlaq befarq ota-onalarning farzandlaridan koʻra oʻrta hisobda 40 – 45 ball yuqori natija qayd etgan. (5-jadvalga qarang.)
Ota-onasi oʻquvchilarning maktabdagi oʻqishini muhokama qilib, uni yaxshi baholar olishga undash yoki undamasligini aniqlash yuzasidan berilgan savolga oʻzbekistonlik oʻquvchilarining javobi va qayd etgan natijalari
5-jadval.
Koʻrinadiki, ota-ona oʻgʻil-qizining taʼlim olishiga befarq boʻlmasa, uning maktabdagi faoliyati bilan doim qiziqib tursa, natijalarini yaxshilash uchun yordam bersa, shunda undasa, ularning fanlardan oʻzlashtirishi sezilarli darajada yuqori boʻladi.
Taʼlim natijalariga oiladagi farzandlar sonining taʼsiri
Qadimdan oʻzbek xalqi bolajon xalq. Oʻzbek oilalari esa katta oila boʻlib kelgan. Soʻngi yillarda globallashuv va kapitalistik jamiyat talablari taʼsirida oilalardagi farzandlar soni ham planlashtiriladigan darajaga kelmoqdamiz. Buning taʼsirida oilada farzandlar soni qancha kam boʻlsa, shuncha sifatli avlodni tarbiyalash mumkin degan qarash mavjud. Biroq xalqaro baholash tadqiqotlari buni tasdiqlamayapti.
PISA 2022 xalqaro baholash dasturida oʻquvchilardan oiladagi farzandlar sonining taʼlim natijalariga taʼsirini aniqlash maqsadida “Nechta yaqin qarindoshlaringiz bor (jumladan, aka-uka, opa-singil, oʻgay aka-uka, oʻgay opa-singil)”, deya savol soʻralgan. Natijalar tahlil shuni koʻrsatadiki, oilasida yolgʻiz farzand boʻlgan oʻquvchilardan koʻra oilasida uch farzanddan biri boʻlgan oʻquvchilarning natijasi oʻrta hisobda 30 ball yuqori. (6-jadvalga qarang.)
Oilasidagi farzandlar sonini aniqlash yuzasidan berilgan savolga oʻzbekistonlik oʻquvchilarining javobi va qayd etgan natijalari
6-jadval.
Umuman, oiladagi farzandlar soni oʻquvchilarning fanlarni oʻzlashtirish darajasiga sezilarli taʼsir qiladi. Oilada uch nafar farzand boʻlishi oʻquvchilarning taʼlimdagi natijalariga eng yaxshi taʼsir qilar ekan. Biroq yakka farzandlik, oilada yolgʻiz farzand boʻlish bolaning taʼlimiga ham salbiy taʼsir qilishi mumkin ekan.
Taʼlim natijalariga oʻquvchilar ota-onasining ularni oʻqishi va oʻrganishi bilan bogʻliq masalalarda qabul qilgan qarorlari taʼsiri
Har bir ota-ona farzandini oʻzidan koʻra yaxshiroq sharoitda yashashishini, oʻzidan koʻra muvaffaqiyatliroq boʻlishini xohlaydi. Shu bois farzandlarini ertaroq taʼlimga berishga, uning tarbiyasi bilan muntazam shugʻullanishga harakat qiladi. Albatta, bu oʻz natijasini beradi. Zamonaviy dunyoda bolalar maktabga bormasdanoq bolalar bogʻchasida oʻqish, yozish, turish-yurish tartiblari yuzasidan muayyan darajada xabardor boʻladi. Bu esa ularning maktab taʼlimidagi muvaffaqiyatini kafolatlaydi.
Xalqaro baholash dasturida bolalarni maktabgacha taʼlim muassasasida taʼlim va tarbiya olishining maktabdagi taʼlim natijalariga taʼsir qilish darajasini aniqlash maqsadida ulardan necha yoshda maktabgacha taʼlimni boshlagani soʻralgan. Tadqiqotimizda amalga oshirilgan tahlil shuni koʻrsatadiki, bola qancha erta maktabgacha taʼlimga jalb etilsa, taʼlim natijalari shuncha yaxshi boʻladi. (7-jadvalga qarang.)
Oʻquvchilar maktabgacha taʼlim(bolalar bogʻchasi)ni boshlaganida, necha yoshda ekanligini aniqlash yuzasidan berilgan savolga oʻzbekistonlik oʻquvchilarining javobi va qayd etgan natijalari
7-jadval.
Koʻrinadiki, 3 yoshda bolalar bogʻchasiga borgan oʻquvchining natijasi 6 yoshda maktabgacha taʼlimga jalb etilgan oʻquvchining natijasidan oʻrta hisobda 35 – 40 ball yuqori. Biroq tabiiy fanlardan 3 yoshda va 5 yoshda bolalar bogʻchasiga borgan oʻquvchilarning taʼlimdagi natijalari deyarli farq qilmaydi. Bundan, shunday birlamchi xulosaga kelish mumkinki, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning tabiiy fanlardan savodxonligini rivojlantirish tizimli emas. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarda tabiiy fanlardan savodxonligini shakllantirish mazmunini qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, taʼlim natijalariga oʻquvchilarning maktabga chiqish yoshi ham taʼsir qiladi. Quyida shu masalani tahlilga tortamiz.
Farzandi maktab yoshiga yetgan har bir ota-onada tabiiy ushbu savol tugʻiladi. Bolamni necha yoshdan maktabga bersam? Baʼzi ota-onalar farzandini ertaroq maktabga berish kerak, deb hisoblashadi, ayrim ota-onalar esa farzandni kechroq maktabga berish kerak deb oʻylashadi.
Farzandini ertaroq maktabga berish payida boʻlgan ota-onalar bolasining tengqurlaridan ertaroq muvaffaqiyatga erishishini xohlashadi. Farzandini kechroq maktabga yuborishni istaydigan ota-onalar oʻgʻil-qizim sinfdoshlari ichida qiynalmasin, u boshqa bolalardan oʻqish va oʻrganishda, faoliyatda ustunroq boʻlishini istashadi. Biroq tanganing ikki tomoni boʻlganidek, har ikki tanlovning oʻziga xos oqibatlari yuzaga keladi. Biz oʻquvchilarning maktabga chiqish yoshini ularning oʻzlashtirishiga taʼsirini PISA 2022 tadqiqotlari natijasi misolida tahlil qilib koʻrdik. Natijalar shuni koʻrsatmoqdaki, oʻquvchilarni 6 yoshda maktab taʼlimiga jalb etish nisbatan samarali ekan. (8-jadvalga qarang.)
Oʻquvchilar boshlangʻich taʼlimni boshlaganida, necha yoshda ekanligini aniqlash yuzasidan berilgan savolga oʻzbekistonlik oʻquvchilarining javobi va qayd etgan natijalari
8-jadval.
Koʻrinadiki, 5 va undan kichik yoshda maktab taʼlimini boshlagan oʻquvchilar 7 yoshda maktab jalb etilgan oʻquvchilardan qariyb 20 ball past natija qayd etmoqda. 8 va undan katta yoshda maktab taʼlimini boshlagan oʻquvchilar 7 yoshda maktab jalb etilgan oʻquvchilardan qariyb 30 ball past natija qayd etmoqda. 6-yoshda maktab taʼlimini boshlagan oʻquvchilar esa matematika, oʻqish savodxonlik va tabiiy fanlardan 7 yoshda maktab jalb etilgan oʻquvchilardan qariyb 6-7 ball yuqori natija qayd etmoqda.
Dastlabki empirik tekshirishlar shu koʻrsatmoqdaki, oʻquvchilarni 5 va undan kichik hamda 8 va undan katta yoshda maktab taʼlimini boshlashi oʻquvchining fanlardan oʻzlashtirish darajasiga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Oʻquvchilarni 6-yoshda maktab taʼlimiga jalb etish nisbatan samaraliroq ekan. Vakolatli idoralar bu masalada ham taqiqlarni qayta koʻrib chiqishi maqsadga muvofiq.
Xulosa
Maktabdagi taʼlim natijalariga oiladagi taʼlim muhiti, oilaning farovonlik darajasi, ota-ona va farzandlar muloqoti, oiladagi farzandlar soni hamda oʻquvchilar ota-onasining ularni oʻqishi va oʻrganishi bilan bogʻliq masalalarda qabul qilgan qarorlari taʼsir qiladi.Shundan kelib chiqib, quyidagilarni tavsiya qilamiz.
Vakolatli idoralar yurt farzandlarini maktabgacha taʼlimga jalb etish qamrovini oshirish, oʻquvchilarni maktabga qabul qilish yoshi chegarasini belgilash borasida, umuman, maktabda sifatli taʼlim olishi uchun zaruriy chora-tadbirlarini amalga oshirishi maqsadga muvofiq.
Hurmatli ota-onalar, oʻgʻil-qizlarimizning maktab taʼlimida muvaffaqiyatga erishishi uchun, uyga qaytganda maktabda berilgan vazifalarni sifatli bajarishi uchun ularga kitoblar, bolalar jurnallarini olib beraylik, uyda internet tarmoqlaridagi taʼlim kontentlaridan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratib beraylik, ularning maktabda nimani oʻrgangani, muvaffaqiyatlari va muvaffaqiyatsizliklari haqida xabardor boʻlib boraylik, yaxshi baho olishiga undaylik. Umuman, bolalarimizning kelajagiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan har qanday qarorni maqsadga muvofiq tarzda qabul qilishimiz lozim.
Shohrux ABDURAHIM
Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bosh mutaxassisi, pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)