Joriy yilning 23-iyul kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi mutasaddilari, professor-oʻqituvchilar va ekspertlar ishtirokida “Taʼlim jarayonida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish konsepsiyasi”ni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Unda dastlab, mamlakatimiz va xorijiy ekspertlardan iborat ishchi guruhni shakllantirish, taʼlim jarayonida sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish yoʻnalishlarini aniqlash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha fikr almashildi.
Shu bilan birgalikda, “Raqamli taʼlimning izohli lugʻati”ni yaratish orqali pedagog kadrlar, ilmiy-tadqiqotchilar va boshqa taʼlim ishtirokchilariga qulaylik yaratish taklifi bildirildi.
Muhokamalar yakunida uchrashuvda koʻtarilgan masalalar boʻyicha ishlarni amalga oshirish uchun ishchi guruh shakllantirish va loyihalarni bosqichma-bosqich ishlab chiqishga kelishib olindi.