Sayt test rejimda ishlamoqda

Sunʼiy intellekt va robototexnika asoslarini oʻrgatish boʻyicha “Qishki maktab” tashkil etildi

06.01.2025


Joriy yilning 6-yanvar kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Janubiy Koreyaning Milliy transport universiteti bilan hamkorlikda Koreya taʼlim vazirligining granti asosida tashkil etilgan Sunʼiy intellekt va robototexnika asoslarini oʻrgatish boʻyicha “Qishki maktab” ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.



Mazkur loyihaning asosiy maqsadi oʻquvchilarni STEM fanlariga qiziqishini oshirish hamda kelgusida muhandislik sohasida oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqishini davom ettirishga ilhomlantirish hisoblanadi.



10-yanvarga qadar davom etadigan o‘quv jarayonlarida Toshkent shahridagi 12 ta tumanda joylashgan maktablarning 10- va 11-sinflaridan 24 nafar oʻquvchi va “Informatika va Axborot texnologiyalari” fanidan 12 nafar oʻqituvchi ishtirok etishi belgilangan.


Trening ochilish marosimi davomida Koreya milliy transport universiteti professor oʻqituvchisi tomonidan oʻquvchilarga 21-asrda ishlab chiqarish sanoatini avtomatlashtirishga oid master-klass oʻtkazildi. Mazkur trening orqali robototexnika va sunʼiy intellekt yoʻnalishida bilim olishning qanchalik muhim ekanligi tushuntirildi.



Treningni qiziqarli oʻtkazish maqsadida koreyalik hamkorlar tomonidan Robototexnika laboratoriyasini moddiy texnik bazasini shakllantirish uchun Arduino toʻplami va PIBO roboti olib kelingan. Ushbu jihozlar orqali oʻquvchilarga nazariy oʻrgangan dasturlashga oid bilimlarini robot qurilmasida sinovdan oʻtkazish imkoniyati yaratiladi. 


Taʼkidlash lozim, maktablarning yuqori sinflarida 2026-2030 yillarda informatika va axborot texnologiyalari fani doirasida Sunʼiy intellekt va robototexnika asoslarini oʻqitishni takomillashtirish boʻyicha ODA grant loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.


Shuningdek, tajriba-sinovdan oʻtkazilayotgan mazkur loyiha natijasida olinadigan ijobiy tajribalar kelgusida mobil laboratoriya yordamida respublikamizning chekka hududlarida joylashgan maktablarga ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.