Sayt test rejimda ishlamoqda

Raqamli taʼlim texnologiyalarining joriy etish masalalariga bagʻishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi

20.12.2023


Joriy yilning 20-dekabr kuni Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan “Raqamli taʼlim texnologiyalarining joriy etilishi: muammolar, izlanishlar va yechimlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.


Tadbir taʼlim tizimiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish va undan samarali foydalanish orqali taʼlim samaradorligini taʼminlash, tizimda faoliyat koʻrsatayotgan rahbar va pedagog kadrlarning uzluksiz kasbiy rivojlantirishda raqamli texnologiyalardan foydalanishning dolzarb muammolariga yechim topish va ularni amaliyotga joriy qilish maqsadida tashkil etildi.



Konferensiya ochilishida soʻzga chiqqan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Vohid Xamidov taʼlim jarayonida raqamli texnologiyalardan unumli foydalanish juda muhim ekanligini taʼkidlar ekan, bu boʻyicha pedagoglarga sharoit yaratish va metodik yordam koʻrsatish muhimligini taʼkidladi.



– Bugungi kunda taʼlim resurslaridan foydalanish qamrovi va imkoniyatlari oshganligini, yangi pedagogik dasturiy vositalar va texnologiyalar jadallik bilan kirib kelmoqda.


Oʻz navbatida, multimedia resurslarini ishlab chiqish va raqamli texnologiyalardan foydalanishda taʼlimni rivojlantirishdagi zamonaviy tendensiyalar, xorijiy tajriba, xalqaro va milliy standartlar talablarini hisobga olish zaruriyati vujudga kelmoqda.


Markazimiz tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Raqamli taʼlim resurslari va ulardan foydalaniladigan dasturiy vositalarga qoʻyiladigan umumiy talablar ishlab chiqilmoqda. Yangi talablarni ishlab chiqishda 10 dan ortiq raqamli taʼlim resurslariga oid ilgʻor xorijiy davlatlarning standartlari tahlil qilib chiqildi.


Shuningdek, taʼlimga oid maxsus pedagogik dasturiy vositalar o‘rganilib, ularni oʻzbek tiliga moslashtirish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.


Konferensiya uchun yuborilgan maqolalarni koʻrib chiqdim. Har bir materialda juda dolzarb masalalar yoritilgan. Oʻylaymanki, konferensiya barchamiz uchun foydali boʻladi,” – dedi Taʼlimni rivojlantirish markazi direktori.


Konferensiyada sohaning yetuk mutaxassislari, olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, doktorant va magistrlar, professor-oʻqituvchilar, shuningdek amaliyotchi pedagoglarning quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha maʼruzalari muhokama qilindi:



– raqamli transformatsiya jarayonida rahbar va pedagog kadrlarning “Hayot davomida taʼlim olish” tamoyili asosida uzluksiz kasbiy rivojlanishini tashkil etishda erishilgan yutuqlar va mavjud muammolar;

– maktabgacha va maktab taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishni tashkil etishning zamonaviy tendensiyalari;

– taʼlim jarayoniga raqamli taʼlim texnologiyalarini joriy etishga innovatsion yondashuvlar;

– uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimida zamonaviy raqamli taʼlim muhitini yaratish masalalari;

– maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanishni takomillashtirish istiqbollari.