Joriy yilning 16-may kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida Qirgʻiz Respublikasi Fan va taʼlim vazirligi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Ta’limni rivojlantirish markazi boshqarma boshliqlari hamda Qirgʻiz Respublikasi Fan va ta’lim vaziri maslahatchisi Nadira Djusupbekova, vazirlik masʻullari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida markaz boshqarma boshliqlari tomonidan markazga yuklatilgan vazifalar va amalga oshirilgan ishlar haqida mehmonlarga batafsil ma’lumot berildi.
Qirg‘iz Respublikasi vakillari markazga yuklatilgan vazifalar juda muhim ekanligini ta’kidlab, O‘zbekiston tajribasi bilan tanishish ular uchun ham foydali bo‘lganligini ma’lum qilishdi.
Muhokamalar davomida tomonlar, shuningdek, davlat ta’lim standartlariga qo‘yilgan talablar, o‘quv dasturlari, darsliklarni takomillashtirish, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik, o`qituvchilar malakasini oshirish kabi mavzular bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdi.
Uchrashuv yakunida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha muloqot va hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.