Joriy yilning 28-noyabr kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi vakillari hamda Physics Aviary platformasi asoschisi Frank Makkalli bilan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston maktablaridagi oʻquv jarayonlarini takomillashtirish, xususan, jarayonlarni virtual taʼlim texnologiyalari bilan boyitish boʻyicha atroflicha fikr almashildi.
Xususan, fizika fanidan virtual laboratoriya mashgʻulotlari uchun yaratilgan resurslardan samarali foydalanish masalalari boʻyicha hamkorlik rejalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida platformadagi virtual laboratoriya mashgʻulotlari simulyatsiyalarni mahalliylashtirish va bosqichma bosqich qardosh tillarga ham tarjima qilish boʻyicha kelishib olindi.
Maʼlumot uchun, Physics Aviary platformasi 2014-yilda tashkil etilgan bo‘lib, ushbu platformadan 75 dan ortiq mamlakatlarda foydalaniladi.
Foydalanuvchilar uchun 6 milliondan ortiq dasturni koʻrish imkoniyati mavjud. Platforma kontenti 183 ta virtual laboratoriya ishlari, 317 ta muammoli masalalar, 63 ta oʻyin shaklidagi topshiriqlar va 15 ta vizualizatsiya qilish imkoniyatini beruvchi instrumentariyalardan iborat.
Bugungi kunda platforma dasturlari ispan, portugal, xorvat, makedon, turk, alban va polyak tillariga tarjima qilingan.