Joriy yilning 11-oktyabr kuni Uchtepa tumanidagi 129-maktabda Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan 9-sinf oʻquvchilari ishtirokida taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarga yoʻnaltirilgan toʻgarak mashgʻuloti tashkil etildi.
Unda oʻquvchilar xalqaro PISA 2022 tadqiqotida foydalanilgan va OECD tashkilotining rasmiy saytida ochiq eʼlon qilingan matematik savodxonlik yoʻnalishidagi topshiriqlarni mustaqil ravishda bajarib koʻrishdi.
Ushbu topshiriqlar orqali oʻquvchilarning oʻqib tushunish, mantiqiy va tanqidiy fikrlash, rasm, diagramma va jadvallar maʼlumotlari bilan ishlay olish hamda tahlil qila olish qobiliyatlari baholandi.
Mashgʻulot yakunida oʻquvchilarga xalqaro baholash dasturlari hamda undagi topshiriqlarni yechishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan jihatlar haqida metodik tavsiyalar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.