Sayt test rejimda ishlamoqda

O‘qitish va ta’lim olishni o‘rganish bo‘yicha xalqaro TALIS–2024 tadqiqotining asosiy so‘rovnoma jarayonlari tashkil etiladi

04.04.2024


Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) va Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda TALIS 2024 tadqiqotining asosiy soʻrovnoma jarayonlarini joriy yil 4-18-aprel kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.


Ushbu tadqiqotda ishtirok etish uchun respublikamizning barcha hududlaridan tasodifiy reprezentativlik tamoyili asosida jami 210 ta maktablar hamda ularda faoliyat yuritayotgan direktorlar va 4507 nafar oʻqituvchilar tanlab olingan.


Tadqiqot jarayonlari soʻrovnomalardan iborat boʻlib, OECD tashkiloti talablari asosida tashkil etiladi, shuningdek, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bilan hamkorlikda muvofiqlashtirib boriladi.


Ma’lumot uchun, TALIS o‘qituvchilar va ularning mehnat sharoitlarini o‘rganish bo‘yicha eng yirik va keng ko‘lamli xalqaro tadqiqot hisoblanadi. Bunda ishtirokchi mamlakatlarga samarali o‘qitish va o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ta’lim siyosatini ishlab chiqishda yangi ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rib chiqish hamda aniqlash imkonini beradigan ishonchli, dolzarb va qiyosiy ma’lumotlar taqdim etishdan iborat.


Mazkur tadqiqot maktab o‘qituvchilari va direktorlariga nafaqat milliy, balki xalqaro darajada o‘z fikrini bildirish imkonini beradi. Unda, ta’lim muassasalaridagi muhit, o‘qituvchilarning faoliyatidagi muammolar tizimli tahlil qilinib, natijalar asosida individual tarzda emas, balki reprezentativlik tamoyili asosida davlatlar va xalqaro miqyosda solishtirma tahlillar olib boriladi.


So‘rovnoma onlayn (internet tarmog‘i mavjud) tarzda tashkil etilib, taxminan 60 daqiqa davomida to‘ldiriladi. Har bir ishtirokchi shaxsiy kirish login ma’lumotlarini muxrlangan konvertda qabul qilib oladi, shuning uchun maxfiylik doimiy tarzda saqlanib boriladi. Bundan tashqari, tadqiqot ma’lumotlari konfidensial hisoblanib, TALIS 2024 nashrlari va boshqa ommaviy ma’lumotlarda (masalan hisobotlarda) o‘qituvchilar yoki direktorlarning ma’lumotlari individual tarzda oshkor etilmaydi va barcha ma’lumotlar konfidensial saqlanadi.


Ushbu tadqiqot O‘zbekistonda ta’limdagi islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatning xabardorligini oshirish va mamlakatning dunyo miqyosda nufuzini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.