2024-yil 27-mart kuni Vazirlar Mahkamasining “Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 157-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan “Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Taʼkidlash joizki, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan mazkur nizomni ishlab chiqish jarayoniga YUNISEF tashkiloti koʻmagida xalqaro ekspertlar jalb qilinib, ular bilan birgalikda ilg‘or mamlakatlarning taʼlim standartlarini ishlab chiqish boʻyicha tajribalari oʻrganildi.
Mazkur hujjatga asosan taʼlim tizimiga quyidagi oʻzgarishlar joriy etilishi koʻzda tutilmoqda:
– Taʼlim natijalarining xalqaro miqyosda tan olinishini taʼminlash maqsadida taʼlim turlari YUNESKOning International Standard Classification of Education (ISCED-2011) darajalariga toʻliq muvofiqlashtiriladi.
– Taʼlim standartlarining Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malaka ramkasi bilan toʻliq integratsiyasi taʼminlanadi. Bunda qadriyatlar, shaxsiy fazilatlar (Soft skills) va yashil koʻnikma (Green skills)lar uchun talablarni belgilashga alohida urgʻu beriladi.
– Bilimga yoʻnaltirilgan taʼlimdan natijaga yoʻnaltirilgan taʼlim standartlariga oʻtiladi. Taʼlim natijalarini baholash va monitoring qilish mexanizmlari joriy qilinadi.
Ushbu jarayonlar orqali esa quyidagi natijalarga erishilishi koʻzda tutilgan:
– Taʼlim standartlarining xalqaro taʼlim ramkalariga muvofiqligi taʼminlanadi.
– Taʼlim bosqichlari kesimida shakllanadigan kompetensiyalarning aniq belgilanishi natijasida taʼlim turlarining oʻzaro uzviyligiga erishiladi.
– Bilimga yoʻnaltirilgan taʼlimdan natijaga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimiga oʻtiladi va mazkur sohadagi xalqaro reyting (PISA, PIRLS, TIMSS) koʻrsatkichlari yaxshilanadi.
– Davlat taʼlim standartlari (maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standarti), davlat taʼlim talablari va ular asosida ishlab chiqilgan oʻquv dasturlari oʻquv natijalarini baholash komponenti qismi bilan toʻldiriladi.
– Taʼlim sohasidagi mahalliy va xalqaro mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzilib, ular bilan birgalikda “Oʻquvchilarni baholash konsepsiyasi” ishlab chiqiladi.
Qarorga muvofiq endilikda davlat taʼlim standartlari, davlat ta’lim talablari, oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqishda quyidagilar inobatga olinadi:
tegishli taʼlim bosqichi yakunida ta’lim oluvchilarda shakllanishi lozim boʻlgan kompetensiyalarni davlat, jamiyat va mehnat bozori talablarini inobatga olgan holda belgilash;
taʼlim turlari uzluksizligi va uzviyligini taʼminlash, maqsad va vazifalarni ta’lim natijadorligiga yoʻnaltirish;
taʼlim oluvchilarda atrof muhitni asrab-avaylash va muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish masʼuliyatini shakllantirish.
Bundan tashqari, 2024-yil 1-avgustga qadar:
maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim turlari oʻquv dasturlarining uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash konsepsiyasi;
taʼlim natijalarini baholash, taʼlim sifati va samaradorligini monitoring qilish, taʼlim siyosatida dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish amaliyotini joriy etish maqsadida umumiy oʻrta taʼlimda baholash konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
Shu bilan birgalikda, 2024-yil 1-avgustga qadar standartlarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Talimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan quyidagilarni nazarda tutuvchi "dts.uz" — Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarining yagona ochiq muhokama portalini ishga tushiriladi.
Bu orqali:
davlat taʼlim standartlari va davlat ta’lim talablari, shuningdek, malaka talablarini 15 kun muddatda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish;
davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarining registri va ularning matnlari bilan erkin tanishish;
davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar berish;
“ochiq maydon” tamoyili asosida va real vaqt rejimida davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish va tasdiqlash yo‘lga qo‘yiladi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bosqichma- bosqich ushbu qaror asosida tegishlicha taʼlim turlari boʻyicha davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari, oʻquv reja va oʻquv dasturlarini belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.