Sayt test rejimda ishlamoqda

Metodik marafonning ilk kunida 4000 nafardan ortiq pedagoglar ishtirok etdi

04.01.2024


Avval xabar berganimizdek, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan joriy yilning 4–10-yanvar kunlari umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagoglari uchun Metodik marafon oʻtkazilmoqda.


Bugun, 4-yanvar kuni marafonning ilk kunida mamlakatimizning turli hududlaridan 4 200 nafardan ortiq pedagoglar ishtirok etdi.


Dastlab, markazning Taʼlim sohasida normativ hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etish boshqarmasi boshligʻi Mehriniso Pardayeva tomonidan “Oʻquvchilarda funksional savodxonlikni rivojlantirish” mavzusida taqdimot qilindi.


Unda marafondan koʻzlangan maqsad, vazifalari, marafonni oʻtkazish tartibi, funksional savodxonlik tushunchasi, funksional savodxonlikni rivojlantirish boʻyicha xalqaro platformalar va resurslar hamda kelgusidagi rejalar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.


Shundan soʻng vebinarlar oʻqish savodxonligi, matematika, tabiiy fanlar yoʻnalishlarida 3 ta sessiyaga boʻlingan holda davom ettirildi. 




Birinchi sessiyada oʻqish savodxonligi boʻyicha Toshkent shahar Yunusobod tumani 302-maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Dilnoza Boynazarova “Oʻquvchilarning oʻqish savodxonligini oshirishda yozma nutq koʻnikmasini rivojlantirish” mavzusida taqdimot oʻtib berdi.


Mashgʻulot vazifalari PIRLS xalqaro tadqiqoti natijalari misolida olib borildi. Unda, boshlangʻich sinflarda xalqaro tajribalar asosidagi PIRLS topshiriqlarini bajarishdagi muammolar, kommunikativ yondashuv, grammatik savodxonlik, oʻqish savodxonlik, XXI asr hayotiy koʻnikmalarni rivojlantiruvchi zamonaviy metodlar, Venn diagrammasi, baholash mezonlari, maʼnodosh soʻzlar ustida ishlash hamda mantiqiy mashqlarni bajarish kabi mavzular tushuntirildi.


Ikkinchi sessiya esa matematika savodxonligi boʻyicha markazning Xalqaro dasturlar va tadqiqotlarda ishtirok etishni taʼminlash boʻlimi yetakchi mutaxassisi Jamshid Narziyev tomonidan “Oʻquvchilarning PISA 2022 tadqiqotida matematika boʻyicha natijalari tahlili” mavzusida taqdimot qilindi.


Unda PISA-2022 va PISA-2025 tadqiqot dasturlari yoʻnalishlari, PISA xalqaro baholash dasturining asosiy xususiyatlari, PISA–2022 da Oʻzbekistonning ishtiroki, PISA-2022 da matematika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichlar, ishtirokchilarning matematik savodxonlik boʻyicha natijalari va darajalari, ota-onalarning taʼlimdagi ishtiroki kabi mavzularda atroflicha maʼlumotlar berildi.


Uchinchi sessiyada esa tabiiy savodxonligi boʻyicha Evristika onlayn kursi asoschilaridan biri Davron Kabilov tomonidan “Oʻquvchilarni kelajakka qanday tayyorlaymiz?” mavzusida taqdimot qilindi.


Unda tabiiy–ilmiy savodxonlikni rivojlantiruvchi metodlar, moddiy-texnik taraqqiyotning oʻsish grafigi, 21 asrda talab qilinayotgan muhim koʻnikmalar, bolaning yoshiga koʻra qiziquvchanligi, qiziqtirish usullari, interaktiv oʻyinlar va mashqlardan iborat mavzular tushuntirib berildi.


Mashgʻulotlar interaktiv koʻrinishda tashkil etilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.




Taʼkidlash joizki, metodik marafonga pedagoglar katta qiziqish bildirishmoqda. Xususan, bugungi kunga qadar metodik marafonda ishtirok etish uchun pedagoglardan 400 tadan ortiq metodik resurslar kelib tushdi.


Marafonda ishtirok etish uchun taqdimotlar @Metodik_marafon_bot telegram boti orqali qabul qilinmoqda.


Eng yaxshi metodik resurs mualliflari tanlab olinib, marafon uchun trener sifatida jalb etilmoqda.


Metodik marafonning 2-kuni ertaga 5-yanvar kuni ham davom etadi.