Sayt test rejimda ishlamoqda

Metodik marafonning ikkinchi kuni munozaralarga boy boʻldi

05.01.2024


Avval xabar berganimizdek, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan joriy yilning 4–10-yanvar kunlari umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagoglari uchun Metodik marafon oʻtkazilmoqda.


Bugun, marafonning 2-kunida respublikamizning turli hududlaridan 4 400 nafardan ortiq oʻqituvchilar ishtirok etdi va 6 nafar trener-oʻqituvchi tomonidan taqdimot qilindi.


Xususan, Chilonzor tumanidagi 188-maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Fotima Jumayeva “Oʻquvchilarning matematik savodxonligini rivojlantirishda taʼlimiy oʻyinlar va metodlar” mavzusida maʼlumot berdi.



Unda matematik savodxonlikni rivojlantiruvchi taʼlimiy oʻyin va metodlardan namunalar: “matematik tushuncha”, “nechta harf, shuncha fakt” metodi, “xotira mashqi”, “sonlar shodasi” metodi, “matematik natija”, “butunni hosil qil” taʼlimiy oʻyini va “sehrli sonlar” metodlariga toʻxtalib oʻtildi.


Shuningdek, markazning yetakchi mutaxassisi Alimardon Elmurodovning “Matematik savodxonlikni rivojlantirishning oʻziga xos jihatlari” mavzusidagi taqdimoti ham ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.



Mashgʻulotda PISA-2022 tadqiqotining natijalari, 21 asr koʻnikmalari, tayanch koʻnikmalar, kompetensiyalar, shaxsiy fazilatlar, PISA-2025 da matematik savodxonlik boʻyicha baholanadigan koʻnikmalar, topshiriq modelining tavsifi, topshiriqlar va misollar yoritib berildi.


Marafonda Buxoro viloyatidan turib maʼruza qilgan Vobkent tumanidagi 34-sonli maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Dilnoza Mustafoyevaning “Boshlangʻich sinflarda ona tilini 4K modeli asosida oʻqitish” mavzusidagi taqdimoti eng koʻp ishtirokchilarni jamlay oldi.



Unda diktant yozish malakasi boʻyicha talablar, 4K modeli tushunchasi va turlari, oʻqish savodxonligini rivojlantiruvchi koʻnikmalar, xalqaro tajribalariga koʻra PIRLS talablariga moslashtirilgan, oʻquvchilarda kreativ fikrlashni rivojlantiruvchi “koʻzoynak”, “eng yaxshi muxbir” metodi, “oʻng va chap” oʻyini, “abstraksiyalar muhokamasi”, “STRUP testi”, “oshpaz” metodi haqida atroflicha maʼlumot berildi.


Shundan soʻng Toshkent viloyati Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazi xodimi Dildora Sarimova “Oʻquvchilarda tabiiy-ilmiy savodxonlikni rivojlantirishda - tadqiqot vosita sifatida” mavzusida taqdimot qildi.



Taqdimotda hodisalarni ilmiy jihatdan tushuntirish, ilmiy tadqiqotlarni loyihalash va baholash kompetensiyasi, kimyoda VR – tadqiqot, oʻqituvchilar bilan bogʻliq muammolarga yechimlar, real amaliyotda kimyo fani kabi mavzular oʻrin oldi hamda mazkur mavzular mavjud muammolarga bogʻlangan holda interaktiv usulda ishtirokchilar eʼtiboriga yetkazildi.


Markazning yetakchi mutaxassisi Sevara Xasanovaning “Oʻquvchilarning kognitiv fikrlash qobiliyatini rivojlantirish” mavzusidagi mashgʻuloti ham pedagoglarda alohida qiziqish oʻygʻotdi.



Mazkur taqdimotda tabiiy-ilmiy savodxonlik tushunchasi, tabiiy fanlar yoʻnalishi boʻyicha TIMSS tadqiqotining kognitiv sohalari, tabiiy-ilmiy savodxonlik kompetensiyasi, soʻrovga asoslangan taʼlim, metakognitiv koʻnikmalarni rivojlantirish, analitik fikrlash, kuzatish va tahlil qilish vazifalari, loyihaga asoslangan vazifalar kabi mavzular tushuntirildi.


Marafonning ikkinchi kuni markazning Xalqaro dasturlar va tadqiqotlarni tashkil etishni taʼminlash boʻlimi bosh mutaxassisi Furqat Xolmirzayev tomonidan oʻtkazilgan “PISA 2022 va PIRLS 2021 tadqiqotlarida Oʻzbekiston oʻquvchilarining natijalari” mavzusidagi taqdimoti bilan yakunlandi.



Mazkur taqdimotda oʻquvchilarning oʻqish savodxonligini baholovchi qaysi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishi, oʻqish savodxonligi boʻyicha natijalar, PIRLS-2021 tadqiqotining natijalari, PISA va PIRLS tadqiqotlaridagi topshiriqlarning tasnifi, interaktiv usuldagi misollari va namunalar kabi mavzular haqida maʼlumot berildi.


Mazkur taqdimot ham barcha uchun samarali hamda maʼlumot va tahlillarga boy boʻldi.


Taʼkidlash joiz, marafonda ishtirok etish uchun taqdimotlar @Metodik_marafon_bot telegram boti orqali qabul qilinmoqda.


Eng yaxshi metodik resurs mualliflari tanlab olinib, marafon uchun trener sifatida jalb etilmoqda.


Metodik marafonning 3-kuni 8-yanvar kuni davom etadi.