Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 4-10-yanvar kunlari Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagoglari uchun metodik marafon tashkil qilindi.
Ilgʻor ish tajribalarini aniqlash maqsadida maxsus Telegram bot orqali 700 dan ortiq metodik resurslar qabul qilindi hamda kelib tushgan materiallar saralandi.
Ular orasidan 28 nafar eng yaxshi metodik resurslar mualliflari trener sifatida jalb etildi.
Trener sifatida nafaqat Toshkent shahri balki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Sirdaryo, Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridagi pedagoglar ham faol ishtirok etishdi.
Marafonda hududlardan jami 15 000 nafarga yaqin pedagoglar ishtirok etib, ularga matematik savodxonlik, tabiiy-ilmiy savodxonlik, oʻqish savodxonligi yoʻnalishlari boʻyicha markazning mutaxassislari va trener o‘qituvchilar tomonidan 30 ta vebinar o‘tib berildi.
“Oʻquvchilarda funksional savodxonlikni rivojlantirish”, “Matematik savodxonlikni rivojlantirishning oʻziga xosjihatlari”, “Boshlangʻich sinflarda ona tilini 4K modeli asosida oʻqitish” kabi qator dolzarb mavzular boʻyicha oʻzbek va rus tillarida metodik tavsiyalar hamda qiziqarli maʼlumotlar taqdim qilindi.
Shuningdek, marafon davomida dars jarayonlarini samarali tashkil etishda “Twig-taʼlim”, “Khan” akademiyasi, “MyLab”, “Phet” simulyatsiyasi, “Ricochet Science”, “Physics Aviary” kabi raqamli resurslar va platformalardan foydalanish boʻyicha atroflicha maʼlumotlar berib oʻtildi.
Mashgʻulotlar yakunida har bir yoʻnalishlar boʻyicha ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Munozara va tahlillarga boy oʻtgan marafon yakunida pedagoglar tomonidan kelgusida bu kabi tadbirlarni davom ettirish hamda mavzular va yoʻnalishlar koʻlamini kengaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Quvonarlisi, metodik marafonga hududiy maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari hamda Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish hududiy milliy markazlari ham qoʻshilib, oʻz hududlaridagi pedagoglar uchun vebinarlar tashkil etishdi.
Taʼkidlash lozim, metodik marafonlar taʼtillar davrida va oʻqituvchilarning kasbiy rivojlantirish kunlarida davom ettiriladi. Muddatlar markazning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilinadi.