Joriy yilning 29-mart kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandumga asosan, quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik aloqalarini oʻrnatish koʻzda tutilgan:
– taʼlim tashkilotlarining rahbar va pedagogik kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga Milliy malaka tizimi mexanizmlarini joriy qilish, oʻqituvchilarning professional rivojlanish trayektoriyalarini ishlab chiqish uchun shart-sharoit yaratish;
– taʼlim mazmunida mehnat bozori talablarini aks ettirish, taʼlim jarayoniga raqobatbardoshlik koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan innovatsion pedagogik texnologiyalarni, oʻqitishning samarali shakl va usullarini, taʼlim sifatini baholash va monitoring qilishning zamonaviy tizimlarini joriy qilish;
– taʼlim tashkilotlaridagi oʻquv-tarbiya jarayonlari va kasbga o’qitish sifatini monitoring qilishda, maktab oʻquvchilarining taʼlim natijalariga malaka ramkalari va kasbiy standartlar talablarini singdirish, kasbiy standartlarning taʼlim standartlari va talablariga muvofiqligini tahlil qilishda ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati sohasida xalqaro dasturlar va tadqiqotlar oʻtkazilishini tashkillashtirish;
– taʼlim va mehnat sohalarining uygʻunligini taʼminlashga qaratilgan ilmiy hamda amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, taʼlim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish boʻyicha ilmiy ishlanmalar va tavsiyalar tayyorlash;
– taʼlim sohasining mehnat sohasi bilan integratsiyasidagi ilgʻor xalqaro amaliyotni oʻrganish va tizimli tahlil qilish hamda uni respublikada joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan aloqalarni rivojlantirish.
Mazkur Memorandum umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlimi tizimida tadqiqot va izlanishlarni innovatsion usullar orqali zamonaviylashtirish, maktab bitiruvchilarining mehnat bozorida munosib raqobatga tayyorlash, shu maqsadlarda turli loyihalar ishlab chiqish hamda qoʻshma ishchi guruhlar tuzish uchun asos yaratadi.