Sayt test rejimda ishlamoqda

Markazga biriktirilgan maktabda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha rejalar belgilab olindi

10.02.2024


Maʼlumki, Prezidentimizning “Taʼlim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 129-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi faoliyatini takomillashtirish uchun Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga biriktirilgan.


Ayni kunlarda mazkur maktabda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, markaz xodimlari tomonidan ushbu maktab faoliyatini takomillashtirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar rejasi tayyorlanib, mahalliy hokimlik, mahalla raisi, yoshlar maslahatchisi hamda bevosita maktab rahbariyati va pedagoglar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.


Xususan, joriy yilning 10-fevral kuni Taʼlimni rivojlantirish markazi mutasaddilari maktab rahbariyati, mahalliy hokimlik, mahalla raisi bilan birgalikda hamkorlik ishlarining ramziy boshlanishi sifatida maktab hududiga “Yashil makon” loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazishdi.



Shundan soʻng, markaz xodimlari maktabda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar haqida taqdimot qilishdi, taʼlim va tarbiya jarayonlarini takomillashtirishga oid rejalar yuzasidan pedagoglar bilan fikr almashishdi.


Bunda sifat koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.



Maktab rahbariyati va pedagoglar aynan ushbu maktab markazga biriktirganidan mamnun ekanliklarini bildirib, qaysi yoʻnalishlarda yordam koʻrsatish zarurligi haqida maʼlumot berishdi. 


Muhokamalar yakunida birgalikda amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha dastlabki rejalar belgilandi.



Maʼlumot uchun, ushbu maktab 1981-yil qurilgan boʻlib, 2020-yilda mukammal taʼmirdan chiqarilgan. Bugungi kunda 65 nafar pedagoglar 1307 nafar oʻquvchilarga taʼlim-tarbiya berib kelishmoqda.


Taʼkidlash lozim, markaz mutaxassislari tomonidan maktab rahbariyati va pedagogik jamoasi bilan hamkorlikda darslarga xalaqit bermagan holda diagnostika jarayoni tashkil etiladi, dars jarayonlari kuzatiladi va tahlil qilinadi, mavjud oʻquv-metodik va moddiy-texnik taʼminoti oʻrganiladi.


Shu bilan birgalikda, maktab rahbariyati, oʻqituvchilarning kasbiy kompetentlik darajasi, metodik ehtiyojlarini fanlar kesimida aniqlanadi, oʻquvchilar bilim darajasi, oʻzlashtirishidagi boʻshliqlar va taʼlim ehtiyojlarini aniqlanadi, oʻquvchilarning qiziqishlariga koʻra maktabdan va sinfdan tashqari mashgʻulotlarga jalb etilganligini tahlil qilinadi, oʻquvchilar oʻrtasida ularning qiziqishlari va maktab, sinfdagi muhit va munosabatlari oʻrganiladi.


Shundan soʻng, oʻrganish va tahlillar natijalarini inobatga olgan holda, maktab faoliyatini yaxshilash va taʼlim sifatini oshirish choralar koʻriladi. Bu borada, maktab faoliyatini jonlantirish va zamonaviy boshqaruvni yoʻlga qoʻyish maqsadida maktab maʼmuriyati malakasi oshiriladi, oʻqitishning samarali metodikalarini qoʻllash, oʻquv-tarbiya jarayonini sifatli tashkil etish boʻyicha oʻqituvchilar uchun treninglar tashkil etiladi.


Bundan tashqari, darsliklar mualliflari, ilgʻor maktablarning mahoratli oʻqituvchilari, olimlar ishtirokida davra suhbatlari, mahorat darslari tashkil etiladi, oʻqituvchilarning individual metodik ehtiyojlarini doimiy ravishda oʻrganib boriladi va sifatli ishlashga koʻmaklashiladi, oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomalar natijalaridan kelib chiqib fan va sport toʻgaraklari faoliyatini yoʻlga qoʻyiladi, maktab-mahalla-oila konsepsiyasi orqali oʻquvchilar portfoliosini yaratiladi.


Boʻsh oʻzlashtiradigan va iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash boʻyicha oʻqituvchilar, sinf rahbarlariga tavsiyalar beriladi, surunkali dars qoldiradigan, jinoyatchilik va boshqalarga moyilligi borlar bilan individual ishlashda koʻmaklashiladi, oʻquvchilar oʻrtasida kitobxonlikni oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.


Mazkur jarayonlar bilan bir qatorda ushbu maktabdan markaz tomonidan xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirishi boshlangan bir qator loyihalarni tajriba-sinovdan oʻtkazishda oʻziga xos laboratoriya sifatida foydalanish rejalashtirilmoqda.


Xususan, Xitoy va Koreya tajribasidan foydalanib sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan taʼlim jarayonida samarali foydalanish choralari koʻriladi, “Phet”, “PhysicsAviary” va “ClassCentral” platformalaridan keng foydalanishni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari oʻrganiladi, oʻquvchilarni kasb tanlashga yoʻnaltirish va kasb-hunarga oʻrgatish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalar sinovdan oʻtkaziladi.


PISA, PIRLS va TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlar tajribasidan kelib chiqib milliy baholashni joriy etish va maktablarni ularga munosib tayyorlash boʻyicha loyihalar tajriba sinov jarayonlari tashkil etiladi.


Mazkur maktabda oʻtkazilgan tadqiqotlar, amalga oshiriladigan ishlar natijasida olinadigan ijobiy tajribalar boshqa maktablarga ham tatbiq etilishi rejalashtirilgan.