Joriy yilning 28-avgust kuni poytaxtimizdagi 298-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va tizimdagi muhim islohotlar” mavzusiga bagʻishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rahbariyati bilan bir qatorda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi vakillari ham ishtirok etdi.
Anjuman davomida tizimdagi muhim masalalar qatorida maktab darsliklarini yaratish va ularni yanada takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar sarhisobiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Qayd etilganidek, oʻtgan vaqt davomida 153 nomdagi (5-11-sinf) zamonaviy darsliklar yaratildi, shu jumladan xorijning Star Publishing, Marshall Cavendish nashriyotining 5-7-sinflar uchun tabiiy fanlar va matematika fanlaridan darsliklari mahalliylashtirildi.
Darsliklarni yaratishda milliy va xalqaro taʼlimning ilgʻor tajribalariga tayanildi, jarayonga 500 dan ortiq olimlar, amaliyotchi oʻqituvchilar jalb etildi.
Oʻtgan oʻquv yillarda darsliklarda kuzatilgan xatoliklarni oldini olish uchun qator Oliy taʼlim muassasalari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi institutlari bilan tizimli ishlar olib borildi, darsliklar mazkur institutlar xulosalari asosida takomillashtirildi.
Maktab darsliklari milliy taʼlim tizimi standartlariga javob beradigan, zamonaviy va puxta ishlab chiqilgan manba boʻlishi maqsad qilib qoʻyilgan.
Tadbir soʻngida jurnalistlarning mavzuga doir savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berib oʻtildi.