Joriy yilning 3-aprel kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Respublika pedagogik taʼlim resurslari markazi bilan hamkorlikda Uchtepa tumanidagi 129-maktabda “Maktab kutubxonachilarining koʻnikmasini va uslubiy malakasini oshirish” mavzusidagi amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirda Toshkent shahridagi 90 ta maktab kutubxonachilari hamda mutasaddi vakillar ishtirok etdi.
Seminar davomida maktab kutubxonasi faoliyatini tashkil etishga doir yangi boshqaruv va metodik yondashuvlar hamda oʻquvchilarning taʼlim olishlarida maktab kutubxonasining ahamiyatiga doir masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy metodik markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova maktab oʻquvchilari oʻrtasida kitobxonlikning ahamiyatiga toʻxtalib oʻtar ekan, bu borada kutubxonachilarning oʻrni yuqori ekanligini taʼkidladi.
“Biz juda tez oʻzgarib borayotgan dunyoda yashayapmiz, lekin hech narsa insoniyatning eng buyuk ijodi — kitoblardan koʻra barqarorroq emas.
Zamonaviy kutubxona-bu nafaqat bilim oladigan, balki doimiy ravishda muloqot qiladigan, bir-birlarini tinglashni va tushunishni oʻrganadigan joy. Kitoblar esa – bebaho xazinadir.
2-aprel — Xalqaro bolalar kitoblari kuni. Ushbu tadbirni oʻtkazishda hamkorlik qilgan tashkilotchilar, koʻngillilar va homiylarga chuqur minnatdorligimni bildirmoqchiman.
Kitobxonlik targʻibotidagi fidoyiligingiz chindan ham tahsinga sazovor,“ – dedi Yuliya Risyukova.
Tadbir doirasida shuningdek, Asaxiy va Book.uz kompaniyalari tomonidan kitob yarmarkasi ham tashkil etilib, mazkur jarayonlar tadbir ishtirokchilari hamda o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Seminar yakunida kutubxonachilarni innovatsion faoliyatga tayyorlash, yoʻnaltirish uchun nazariy va amaliy bilimlarni targʻib etish, ular faoliyatidagi samaradorlikni oshirish boʻyicha quyidagi xulosalar va tavsiyalar ilgari surildi:
1. Maktab kutubxonalarida kutubxonachi mutaxassislarning kasbiy kompetensiyasini rivojlantirishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish ularning kasbiy mahoratlarini oshirish bilan birga ishlab chiqarishdagi muammolarning oldini olish va bartaraf etishdagi faol ishtiroklarini taʼminlaydi.
2. Ish faoliyatida foydalaniladigan oʻquv-metodik manbalar, kutubxonachilar uchun chop etilgan qoʻllanmalar mazmuniga innovatsiya, innovatsion faoliyatni tashkil etishga oid bilimlarni va innovatsion taʼlim elementlarini singdirish lozim.
3. Maktab kutubxonachilari faoliyatini yangilash, ularni innovatsion texnologiyalar, axborot-kutubxona jarayonidagi innovatsiyalar mohiyatidan xabardor etishga yoʻnaltirilgan malaka oshirish kurslarini, seminar-treninglarni tashkil etish maqsadga muvofiq.
4. Maktab kutubxonachilarining oʻz ustida mustaqil malaka oshirishlarini taʼminlash uchun individual malaka oshirish dasturi va loyihasini toʻla amaliyotga tatbiq etish hamda bu dasturlarning bajarilishiga erishish lozim.