Joriy yilning 21-avgust kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida Koreya taʼlimni rivojlantirish instituti (KEDI) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda taʼlim ko‘rsatkichlarini rivojlantirish hamda ta’lim statistikasi yuritish boʻyicha oʻzaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Taʼlimni rivojlantirish markazi direktori Vohid Xamidov koreyalik mehmonlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirar ekan, taʼlim sohasiga oid ishonchli statistik maʼlumotlar bazasini yaratishda xorijlik hamkorlarning oʻrni muhimligini taʼkidladi.
– Taʼlim tizimidagi ishonchli statistik maʼlumotlarga ega boʻlish orqali taʼlim jarayonlarini monitoringini yuritish, taqqoslash, xulosalar chiqarish, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga erishish mumkin.
Shunday ekan, bu borada KEDI tajribasini oʻrganish va imkoniyati mavjud bo‘lgan yoʻnalishlarni yurtimizda joriy etish har tomonlama foydali boʻladi, – dedi Vohid Xamidov.
Uchrashuv davomida KEDI vakillari, Koreyaning maktabgacha taʼlim, boshlangʻich, oʻrta va oliy taʼlimni raqamlashtirish va umumiy taʼlim statistikasi tizimini joriy etish dasturi boʻyicha taqdimot berishdi.
Bundan tashqari, rivojlanayotgan mamlakatlarda taʼlim koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha hamkorlikka oid tadqiqotlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muzokaralar davomida oʻzaro hamkorlik boʻyicha aniq takliflar tayyorlash va ularni kelgusi uchrashuvlarda muhokama qilishga kelishib olindi.
Ta’kidlash lozim, KEDI vakillari joriy yilning 25-avgustiga qadar davom etadigan yurtimizga tashrifi davomida taʼlim sohasiga oid vazirlik va idoralar hamda universitetlarda turli tadbirlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot oʻrnida, Koreya taʼlim taraqqiyoti instituti (KEDI) 1972-yilda taʼlimni rivojlantirish va takomillashtirish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan.
Koreya Respublikasining milliy anʼanalarini aks ettiruvchi yangi taʼlim tizimini yaratish, taʼlim boʻyicha keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, taʼlim muammolarini hal qilish boʻyicha innovatsion taʼlim tizimini ishlab chiqish, sohadagi islohotlar siyosati uchun platforma vazifasini oʻtash hamda kelajak taʼlimining qadriyatlarini ilgari surish kabi vazifalar institut zimmasidadir.