Joriy yilning 19-iyul kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandumga asosan, quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik aloqalarini oʻrnatish koʻzda tutilgan:
– Sport vazirligi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining davlat talablarini ishlab chiqish hamda ekspertizadan oʻtkazish;
– Maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari, jumladan, sport maktablari uchun namuna asosida oʻquv-uslubiy majmualar: sport toʻgaraklari uchun dasturlar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, sport toʻgaraklarida shugʻullanuvchi oʻquvchilar uchun sport kundaligi, jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilar uchun uslubiy va oʻquv qoʻllanmalar va tavsiyalar koʻrsatmalarning va multimediali ilovalarini ishlab chiqish hamda ekspertizadan oʻtkazish;
– Institut ilmiy xodimlari, Markaz mutaxassislari bilan birgalikda sport turlari boʻyicha elektron taʼlim resurslari (videodarslar, taqdimotlar materiallari va boshqa.), oʻquv qoʻllanmalar, uslubiy qoʻllanma va tavsiyalar ishlab chiqish;
– Taʼlim sohasining sport sohasi bilan integratsiyasidagi ilgʻor xalqaro amaliyotni oʻrganish va tizimli tahlil qilish hamda uni respublikada joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan aloqalarni rivojlantirish;
– Sport turlarini oʻqitish metodikasini takomillashtirish, zamonaviy talablar va ilgʻor xorijiy tajriba asosida yangi darsliklar va oʻquv-metodik adabiyotlarni nashr qilish, tajriba-sinovdan oʻtkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtirish;
– Sport maktablarida foydalanilayotgan oʻquv-metodik hujjatlarning statistikasini birgalikda yuritish;
– Sport maktablari uchun ishlab chiqiladigan oʻquv-metodik komplekslarga qoʻyiladigan talablar yuzasidan qaror loyihasini ishlab chiqish va mazkur qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish choralarini koʻrish;
– Ilmiy axborotlar, nashrlar, materiallar va bilimlar almashinuviga koʻmaklashish, shuningdek, ilmiy va axborot-kutubxona institutlari va tadqiqot laboratoriyalariga tadqiqotlar oʻtkazish uchun kirishni tashkil etishga koʻmaklashish;
– Oʻqitish, maʼruza qilish, oʻzaro manfaatli sohalarda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida oʻquv va ilmiy dasturlar doirasida mutaxassislarning akademik almashinuvini tashkil etish.
Mazkur Memorandum ishtirokchilar oʻrtasida maktabdan tashqari taʼlimda, jumladan, sport maktablarida taʼlim mazmunini yangilash yoʻlida olib borilayotgan islohotlarni oʻzaro muhokama qilish, shu maqsadlarda turli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun asos yaratadi.