Joriy yilning 9-aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Iqtidorli bolalar respublika olimpiadasi – "IBRO-2025” bo‘yicha brifing tashkil etildi.
Unda Taʼlimni rivojlantirish markazi boʻlim boshligʻi Shavkat Xoʻjaqulov markaz tomonidan ushbu davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Assalom alaykum!
Bugungi brifing davomida yosh avlod salohiyatini roʻyobga chiqarish, oʻquvchilarning bilimini baholash va ragʻbatlantirishga qaratilgan yirik loyiha – “Iqtidorli bolalar respublika olimpiadasi – IBRO–2025” haqida batafsil maʼlumot beramiz.
Ushbu olimpiada oʻquvchilarning STEM fanlariga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ragʻbatlantirish boʻyicha Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Shuningdek, olimpiada orqali davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va darsliklarning amaliyotdagi samaradorligini tahlil qilish, oʻquvchilarda fanlarga boʻlgan qiziqishni oshirish hamda ularni kelajakda kasb tanloviga ongli yondashishga undash koʻzda tutilgan.
Olimpiada matematika, fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlari boʻyicha oʻtkazilmoqda. Matematika fani 2-sinfdan boshlab barcha sinf oʻquvchilarini qamrab olsa, fizika va informatika fanlari 9–11-sinf hamda 1–2-bosqichdagi boshlangʻich professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilar uchun moʻljallangan. Barcha fanlar boʻyicha testlar oʻzbek va rus tillarida tashkil etilmoqda.
Bugungi kunga qadar olimpiadaga 227 730 nafar oʻquvchi roʻyxatdan oʻtgan. Shundan 192 ming nafar matematikadan, 19 ming nafar fizikadan, 16 ming nafar oʻquvchi informatika va axborot texnologiyalari fani boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan. Hududlar kesimida esa eng koʻp ishtirokchilar Fargʻona, Buxoro va Toshkent viloyatlaridan roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, Jizzax, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida bu koʻrsatkich nisbatan kam.
Olimpiada uch bosqichda oʻtkazilmoqda. Birinchi bosqich – tuman (shahar) miqyosida 1–7-aprel kunlari onlayn shaklda tashkil etildi. Hozirda tuman bosqichida oʻquvchilar qayd etgan natijalar boʻyicha maʼlumotlar baholanib, tahlil qilinmoqda, tez orada barcha ishtirok etgan oʻquvchilarning natijalari testbor.uz tizimida eʼlon qilinadi.
9-10-11-sinflar uchun olimpiadada roʻyxatdan oʻtgan biroq turli sabablarga koʻra qatnasha olmagan oʻquvchilardan yana imtihon tashkil etish boʻyicha kelib tushgan takliflarini inobatga olgan holda 10-17-aprel kunlari testbor.uz platformasida tuman bosqichi imtihonlarini onlayn tarzda topshirishlariga imkoniyat beriladi.
Ikkinchi bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida 13 maydan 20-mayga qadar onlayn formatda oʻtkaziladi.
Uchinchi bosqich – 16-iyun kuni boʻlib oʻtadi. 2–9-sinf oʻquvchilari uchun yakuniy bosqich kuzatuv kameralari ostida onlayn tarzda oʻtkaziladi. 10–11-sinf oʻquvchilari uchun esa respublika bosqichi Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida oflayn shaklda amalga oshiriladi.
Ishtirokchilar haqidagi barcha maʼlumotlar testbor.uz elektron platformasida yuritiladi.
Olimpiada gʻoliblari munosib taqdirlanadi. 2–9-sinf oʻquvchilari uchun pul mukofotlari ajratiladi.
10–11-sinf oʻquvchilari oʻrtasidagi gʻolib va sovrindorlarga esa noutbuk, planshet, mobil telefonlar, aqlli soatlar va quloqchinlar taqdim etiladi. Xususan, matematika, fizika yoki informatika fanlaridan eng koʻp va eng tez yechimlarni taqdim etgan oʻquvchiga zamonaviy iPhone 16 smartfoni sovgʻa qilinadi.
Bundan tashqari, 10–11-sinf oʻquvchilari orasidan eng yuqori natijalarni qayd etgan 18 nafar ishtirokchi Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va AKITA universitetlariga imtihonsiz va 100 foiz grant asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Shuningdek, olimpiadada faollik koʻrsatgan, yuqori natijalarni qayd etgan taʼlim muassasasi jamoasiga maxsus bosh sovrin – BYD Chazor avtomobili topshiriladi. Oʻz fan yoʻnalishida TOP-10 natija qayd etgan oʻquvchilarni tayyorlagan oʻqituvchilarga ham alohida tashakkurnomalar beriladi.
Qadrli yurtdoshlar, bugungi brifingimiz orqali Sizlarga yetkazmoqchi boʻlgan maʼlumotlarimiz shulardan iborat edi.
Eʼtiboringiz uchun rahmat Xayr salomat boʻling.