Joriy yilning 6-fevral kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida umumta’lim maktablari pedagoglari uchun “Innovatsion ta’lim: hamkorlik va tajriba almashish” mavzusida muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda respublikaning turli hududlaridan 500 nafardan ortiq pedagog ishtirok etdi. Uchrashuv onlayn va oflayn shaklda, erkin muloqot va faol bahs-munozaralar ruhida o‘tkazildi.
Mazkur tadbir pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, o‘zaro tajriba almashishni qo‘llab-quvvatlash va ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.
Unda boshlang‘ich ta’limda innovatsion yondashuvlar hamda matematika darslarida raqamli resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha fikr almashildi.
Bundan tashqari, o‘quv jarayonida interaktiv metodlarni qo‘llash bo‘yicha mahorat darsi ham tashkil etilib, pedagoglarga amaliy ko‘nikmalar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.