Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan joriy yilning 15-fevral kuni umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida tashkil etilgan inklyuziv taʼlim sinflarida faoliyat olib borayotgan pedagoglar uchun Metodik marafon oʻtkazildi.
Tadbirda dastlab, Yaponiyaning Kokushikan universiteti dotsenti Takako Homma “Inklyuziv sinflarda yordam berishning asosiy nuqtalari” mavzusida taqdimot qildi.
Taqdimot davomida Homma xonim inklyuziv sinflarda taʼlim jarayonlarini yoʻlga qoʻyishning oʻziga xos jihatlari hamda bu borada Yaponiya va Oʻzbekiston tajribasini qiyosiy tahliliga toʻxtalib oʻtdi va bu borada jarayonni takollashtirish boʻyicha tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.
Chirchiq davlat pedagogika universiteti Maxsus pedagogika kafedrasi professori Feruza Qodirova esa oʻzining “Inklyuziv taʼlim: kecha, bugun, ertaga. Masʼuliyat kimda?” mavzusidagi maʼruzasida mamlakatimizda inklyuziv taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan siyosat hamda ushbu yoʻnalishda pedagoglardan talab qilinadigan yondashuvlar xususida batafsil maʼlumot berib oʻtdi.
Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Jahon iqtisodiyot kafedrasi dotsenti Aziz Zikriyoyev oʻz maʼruzasida ushbu yoʻnalishdagi Angliya tajribasiga toʻxtalib, mamlakatimizga joriy etilishi mumkin boʻlgan jihatlar hamda normativ hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha maʼruza qildi.
Mazkur taqdimot ham barcha uchun samarali hamda maʼlumot va tahlillarga boy boʻldi.
Taʼkidlash joiz, marafonda ishtirok etish uchun taqdimotlar @Metodik_marafon_bot telegram boti orqali qabul qilinmoqda.
Eng yaxshi metodik resurs mualliflari tanlab olinib, marafon uchun trener sifatida jalb etilmoqda.