Sayt test rejimda ishlamoqda

IBRO–2025 olimpiadasiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish masalalari muhokama qilindi

28.03.2025


Prezidentimizning 2024-yil 14-oktyabrdagi "Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorida fanlar, mavzular, sinflar boʻyicha taʼlim jarayonidagi kamchiliklarni aniqlash, shuningdek, oʻquvchilarning aqliy va jismoniy rivojlanishini tahlil qilib borish hamda maktab boshqaruvi samaradorligini oshirish vazifasi belgilangan.


Mazkur vazifalardan kelib chiqib, joriy yilning 27-mart kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Toshkent shahridagi Turin politerxnika universiteti huzurida tashkil etilgan Testbor.uz platformasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.



Uchrashuvda Testbor.uz platformasi vakillari tomonidan IBRO–2025 – Iqtidorli bolalar olimpiadasiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan test topshiriqlarini shakllantirish, ularni spetsifikatsiya va verifikatsiya qilish bosqichlari haqida batafsil ma’lumot berildi.


Shuningdek, ushbu jarayonlarda xalqaro tajribaga asoslangan yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Muhokamalarda test topshiriqlarining mazmuniy xilma-xilligini taʼminlash va ularning variativligini oshirishda sun’iy intellekt texnologiyalarining roli alohida qayd etildi.



Xususan, test savollarini sun’iy intellekt yordamida avtomatik shakllantirish, ularning murakkablik darajasini muvozanatlash hamda o‘quvchilarning chuqur bilimini aniqlovchi topshiriqlarni yaratish imkoniyatlari bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.



Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish va muloqotni izchil yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.