Joriy yilning 4-aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori yuzasidan brifing tashkil etildi.
Unda Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi boʻlim boshligʻi Shavkat Xoʻjaqulov mazkur qaror bilan belgilangan vazifalar hamda ularning ijrosi taʼminlash boʻyicha istiqboldagi rejalar yuzasidan maʼlumot berdi.
Assalom alaykum!
Bugungi brifing davomida Vazirlar Mahkamasining “Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 157-sonli qarori hamda mazkur qaror asosida belgilangan vazifalar haqida maʼlumot beramiz.
Joriy yilning 27-mart kuni qabul qilingan mazkur qaror bilan “Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Taʼkidlash joizki, Taʼlimni rivojlantirish markazi tomonidan mazkur nizomni ishlab chiqish jarayoniga YUNISEF tashkiloti koʻmagida xalqaro ekspertlar jalb qilinib, ular bilan birgalikda ilgʻor mamlakatlarning taʼlim standartlarini ishlab chiqish boʻyicha tajribalari oʻrganildi.
Mazkur hujjatga asosan taʼlim tizimiga quyidagi oʻzgarishlarni joriy etish koʻzda tutilmoqda:
– Taʼlim standartlarining Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malaka ramkasi bilan toʻliq integratsiyasi taʼminlanadi. Bunda qadriyatlar, shaxsiy fazilatlar (Soft skills) va yashil koʻnikma (Green skills) lar uchun talablarni belgilashga alohida urgʻu beriladi.
– Bilimga yoʻnaltirilgan taʼlimdan natijaga yoʻnaltirilgan taʼlim standartlariga oʻtiladi.
Ushbu jarayonlar orqali esa quyidagi natijalarga erishilishi koʻzda tutilgan:
– taʼlim natijalarining xalqaro miqyosda tan olinishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida mavjud taʼlim turlari YUNESKOning “Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi” darajalari bilan muvofiqlashtiriladi.
– Taʼlim standartlarining xalqaro taʼlim ramkalariga muvofiqligi taʼminlanadi.
– Taʼlim bosqichlari kesimida shakllanadigan kompetensiyalarning aniq belgilanishi natijasida taʼlim turlarining oʻzaro uzviyligiga erishiladi.
– Davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari va ular asosida ishlab chiqilgan oʻquv dasturlari oʻquv natijalarini baholash komponenti qismi bilan toʻldiriladi.
Qarorga muvofiq endilikda davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari, oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqishda quyidagilar inobatga olinadi:
– tegishli taʼlim bosqichi yakunida taʼlim oluvchilarda shakllanishi lozim boʻlgan kompetensiyalarni davlat, jamiyat va mehnat bozori talablarini inobatga olgan holda belgilanadi.
– taʼlim oluvchilarda atrof muhitni asrab-avaylash va muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish masʼuliyatini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Ushbu qarorga asosan 2024-yil 1-avgustga qadar:
maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim turlari oʻquv dasturlarining uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash konsepsiyasi tayyorlanadi.
Taʼlim natijalarini baholash, taʼlim sifati va samaradorligini monitoring qilish, taʼlim siyosatida dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish amaliyotini joriy etish maqsadida umumiy oʻrta taʼlimda baholash konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
Shu bilan birgalikda, 2024-yil 1-avgustga qadar standartlarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha “dts.uz” — Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarining yagona ochiq muhokama portali ishga tushiriladi.
Bu orqali:
– davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablari, shuningdek, malaka talablarini 15 kun muddatda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish amaliyoti joriy etiladi.
– davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarining registri va matnlari bilan erkin tanishish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar berish imkoniyati yaratiladi.
– “ochiq maydon” tamoyili asosida va real vaqt rejimida davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish va tasdiqlash yoʻlga qoʻyiladi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich ushbu qaror asosida tegishlicha taʼlim turlari boʻyicha davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari, oʻquv reja va oʻquv dasturlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Qadrli yurtdoshlar, bugungi brifingimiz orqali Sizlarga yetkazmoqchi boʻlgan maʼlumotlarimiz shulardan iborat edi.
Eʼtiboringiz uchun rahmat Xayr salomat boʻling.