Joriy yilning 6-oktyabr kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida Britaniya Kengashi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
TRM direktori Vohid Xamidov Britaniya Kengashi vakillariga tashrif uchun minnatdorchilik bildirar ekan, mamlakatimiz taʼlim tizimini rivojlantirish borasidagi ishlarda Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar muhim oʻrin tutayotganini taʼkidladi.
Oʻz navbatida Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Denis Veddingem xonim O‘zbekistondagi taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib oʻtar ekan, jarayonlarni yanada takomillashtirishda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish muhim ekanligini ta’kidladi.
Tadbir davomida taʼlim tizimini rivojlantirish va ingliz tilini oʻrgatish boʻyicha turli yoʻnalishlarda qoʻshma ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, oʻqituvchilarni tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi va muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik loyihalari bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi.