Sayt test rejimda ishlamoqda

Britan taʼlim tizimida yangi bosqich: Sunak mavjud “A-level” va “T-level” darajalarni yangisiga almashtirish niyatida

30.10.2023


Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak yangi kvalifikatsiya joriy qilish orqali maktab bitiruvchilari ega boʻladigan darajalarni oʻzgartirish gʻoyasini ilgari surdi.


Taklif etilayotgan "Ilg'or Britaniya Standartlari" 16–19 yoshgdagi o'quvchilarga umumiy o'rta ta'lim to'g'risidagi guvohnoma (GCSE)ni olgandan so'ng o'qitiladigan odatdagi uchta fan o'rniga beshta fanni, jumladan, ingliz tili va matematikani o'rganish imkonini beradi.


“Ilgʻor Britan Standartlari” 16-19 yoshdagi oʻquvchilar uchun yangi dastur boʻlib, nazariy va amaliy koʻnikmalarga yoʻnaltirilgan fanlardan iborat beshta fanni oʻz ichiga oladi. Mazkur dastur Amerikaning “Minor and major” tizimiga asoslangan boʻlib, oʻquvchilarga uchta asosiy va ikkita qoʻshimcha fanlarni tanlash imkonini beradi.


Taʼlimda 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun ingliz tili va matematika fanlarini majburiy kiritish, ularning ushbu fanlar boʻyicha yuqori koʻnikmalarga ega boʻlishi hamda kelajakdagi karyerasi uchun muhim poydevor qurishga yordam beradi.


Yangi standartlarni joriy qilishdan maqsad taʼlim darajasini oshirish, barcha oʻquvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish va ularda akademik hamda kasbiy koʻnikmalarni shakllantirishdan iborat.


Yangi standartlarga koʻra, oʻquvchilarga beshta fanni oʻrganish imkonini beruvchi yangi oʻquv rejasi tuziladi.


Mazkur standart oʻquvchilarga akademik va kasbiy koʻnikmalar kombinatsiyasidan iborat yondashuv asosida oʻrgatiladi.


Loyiha tashabbuskorlari yangi standartning quyidagi afzalliklarini sanab oʻtishmoqda.


1. Dastur oʻquvchilarga keng qamrovli taʼlimni taʼminlash uchun akademik va amaliy koʻnikmalarga yoʻnaltirilgan fanlarni birlashtirgan holda keng qamrovli bilimlar beradi;


2. Dastur barcha oʻquvchilarga, ularning qiziqishlari va qobiliyatidan qatʼi nazar, teng imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan;


3. Oʻqituvchilarning ish haqini oshirish, ularga ustama toʻlash boʻyicha tashabbuslar malakali mutaxassislarni taʼlimga jalb etishga yordam beradi.


Ushbu amaliyot 2033-2034-yillardan boshlab joriy etilishi kutilmoqda. Joriy tizim boʻyicha “A” daraja nazariy bilimlar berishga asoslangan, “T” daraja esa amaliy koʻnikmalarga yoʻnaltirilgan mutaxassislik beradi. Yangi kvalifikatsiya bitiruvchilarga ham amaliy, ham nazariy bilimlar olish imkonini beradi.