Sayt test rejimda ishlamoqda

Boshlangʻich taʼlim tizimini takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi

29.11.2023


Joriy yilning 29-noyabr kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan «Boshlangʻich taʼlim tizimini takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.


Boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining uzluksiz kasbiy taʼlimini yanada takomillashtirish, bu boradagi ilgʻor milliy va xalqaro tajribalarni tahlil qilish, samarali yondashuvlarni aniqlash va ularni amaliyotga joriy etish muhokamasiga bagʻishlangan ushbu tadbirda soha mutaxassislari, olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari hamda ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdi.


Tadbir avvalida soʻz olgan vazir Hilola Umarova va mutasaddi rahbarlar boshlangʻich taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar va tadqiqotlarning qamrovi va ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini oshirish orqali taʼlim sifatini yaxshilash bugungi kunda tizim oldida turgan muhim masalalardan biri ekanligiga alohida urgʻu berib oʻtdi.


Xususan, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Vohid Xamidov mazkur konferensiya sohada sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini oshirishga xizmat qilishini taʼkidlab, bu borada oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.


– Ushbu konferensiya kun tartibidan oʻrin olgan mavzular bugungi kun talablariga juda mos hamda har birimiz uchun dolzarb.


Xususan, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari tomonidan taʼlim sohasini takomillashtirish uchun berilayotgan takliflar, sohada sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini oshirishga qaratilgan metodlar, dars oʻtish uslublari, oʻqituvchi va ota-ona munosabatiga bagʻishlangan maqolalar, fikr-mulohazalarni oʻqib xursand boʻldim. 


Oʻz navbatida, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori sifatida boshlangʻich taʼlim sohasini takomillashtirish boʻyicha doim hamkorlikka tayyor ekanligimizni taʼkidlab oʻtmoqchiman, – dedi Vohid Xamidov.



Konferensiya davomida boshlangʻich taʼlim bosqichida olib borilayotgan islohotlar va tadqiqotlarning qamrovini oshirish orqali taʼlim sifatini yanada yaxshilash boʻyicha qator taklif va mulohazalar ilgari surildi. 


Xususan, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun yaratilgan yangi avlod darsliklari “4K” modeliga asoslanganini ta`kidlab, zamonaviy metodikalar bo'yicha o'qituvchilarga uzluksiz metodik yordam ko'rsatish bo'yicha takliflar bildirildi.


Kunning ikkinchi yarmida konferensiya oʻz ishini mavzuga doir qator shoʻbalarga boʻlingan holda davom ettirdi. Unda taʼlim mazmunini takomillashtirish masalalari, muammo va yechimlar, ilgʻor xorijiy tajribalar, samarali metod usullari, oʻqituvchi va ota-onalar hamkorligining huquqiy asoslari atroflicha muhokama qilindi.



Konferensiya ishi quyidagi shoʻbalar boʻyicha tashkil qilindi:


1-shoʻba. Boshlangʻich sinflarda taʼlim mazmunini takomillashtirish masalalari (muammo va yechimlar);


2-shoʻba. Boshlangʻich taʼlim tizimini takomillashtirishda ilgʻor milliy va xorijiy tajribalar;


3-shoʻba. Boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining uzluksiz kasbiy rivojlantirishning samarali shakl va metodlari;


4-shoʻba. Boshlangʻich sinflarda oʻqituvchi va ota-onalar hamkorligining amalga oshirishning huquqiy asoslari.