Joriy yilning 11-mart kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi bilan hamkorlikda Uchtepa tumanidagi 129-maktabda bitiruvchi sinf oʻquvchilarini kasbga yoʻnaltirish, ularning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida maktab hududida Axborot texnologiyalari va “Kreativ industriya” boʻyicha koʻrgazma tashkil etildi.
Tadbirga muhandislik, texnologiya va tibbiyot yoʻnalishlariga qiziquvchi oʻquvchilar uchun Toshkent shahrida joylashgan Turin politexnika, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari, Alfraganus universitetlari jalb qilindi.
Unda universitet talabalari ham ishtirok etib, oʻzlarining muhandislik, tibbiyot sohalarida tayyorlagan ishlanmalari bilan, hamda kasb hunar ustalari tomonidan kulolchilik, kashtachilik, tikuvchilik kabi oʻz ishlanmalari va ijodiy ishlarini namoyish qilishdi.
Shuningdek, oʻquvchilarga 21-asrda ishlab chiqarish sanoatini avtomatlashtirishda Robototexnika va Sunʼiy intellekt yoʻnalishida bilim olish qanchalik muhim ekanligini tushuntirish maqsadida turli master-klasslar oʻtkazildi.
Bundan tashqari, bitiruvchi oʻquvchilar universitetlarga tashrif buyurdi va OTMlar faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, laboratoriya va sport majmualari bilan tanishtirildi.
Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida oʻquvchilar nazariy va amaliy mashgʻulotlarni olib borilish jarayonlarini kuzatishdi.
Italiyaning Turin politexnika universitetida esa o‘quvchilarga muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha turli laboratoriyalar hamda ta’lim sharoitlari namoyish qilindi.
Alfraganus universitetiga amalga oshirilgan tashrifda tibbiyot sohasiga qiziqqan oʻquvchilar universitet faoliyati bilan tanishtirildi.
Shuningdek, barcha universitetlarda maktab bitiruvchilariga bugungi kunda talabyuqori bo‘lgan zamonaviy kasblar hamda OTMlarni bitirgandan keyin faoliyatlarini qaysi yo‘nalishlarda davom ettirishlari mumkinligi toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.
Taʼkidlash lozim, mazkur maktabda oʻtkazilgan tadqiqotlar, amalga oshiriladigan ishlar natijasida olinadigan ijobiy tajribalar boshqa maktablarga ham tatbiq etilishi rejalashtirilgan.