Sayt test rejimda ishlamoqda

Aniq va tabiiy fan o‘qituvchilari uchun seminar-trening o‘tkazildi

17.04.2024


Joriy yilning 17-aprel kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Uchtepa tumanidagi 129-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida boshlang‘ich ta’lim oʻqituvchilari uchun “Tabiiy fanlar va matematika- bu tabiiy dunyoni boshqaradigan qonunlarni kashf qilish demakdir” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.



Ushbu tadbirda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilari, metodistlar hamda maktab o‘qituvchilari ishtirok etishdi.



Mazkur treninglardan ko‘zlangan maqsad:


– o‘quvchilarning tabiiy-ilmiy savodxonligini rivojlantirishda mantiqiy fikrlashga oʻrgatish;


– matematika fanini o‘rganishda vaziyatli topshiriqlardan foydalanish;


– oʻquvchilarni kollaborativ (hamkorlikda) o‘qitishning metodik va strategik afzalliklari haqida kengroq ma’lumot berish hisoblanadi.


Mazkur trening doirasida aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagoglarni metodik qo‘llab-quvvatlash ularning salohiyatini oshirishga ko‘maklashish uchun turli master klasslar ham tashkil etildi.



Interaktiv koʻrinishda tashkil etilgan mashgʻulotlar yakunida barcha oʻqituvchilar o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga o‘rgatishda innovatsion metodlardan dars jarayonida foydalanish boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.



Bu kabi metodik marafonlar o‘qituvchilarga qulay vaqtlarda doimiy tashkil qilib boriladi hamda 2024-yil yakuniga qadar 100 ming nafardan ortiq oʻqituvchilarni qamrab olish rejalashtirilgan.

Taʼkidlash lozim, mazkur maktabda oʻtkazilgan tadqiqotlar, amalga oshiriladigan ishlar natijasida olinadigan ijobiy tajribalar boshqa maktablarga ham tatbiq etilishi rejalashtirilgan.