Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing

30.12.2025

Joriy yilning 30-dekabr kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan 2025-yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing tashkil etildi.

Unda Taʼlimni rivojlantirish markazi Axborot xizmati boshligʻi Shavkat Xoʻjaqulov markaz tomonidan ushbu davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Assalomu alaykum!

Bugungi brifing davomida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot beramiz.

Dastlab, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha qilingan ishlarga toʻxtalib oʻtamiz.

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarida kommunikativ, tanqidiy va kreativ fikrlash, hamkorlikda ishlash hamda tadqiqotchilik kabi koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda 2025-2026-oʻquv yili uchun 65 nomdagi darslik majmualarini yaratish jarayoni tashkillashtirildi. 

Taʼlim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida maktablardagi psixologik muhitni sogʻlomlashtirish va mutaxassislar faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, maktablarda psixolog va maxsus pedagog xizmat xonalarini jihozlash boʻyicha 2 ta yangi talab tasdiqlandi. Shuningdek, raqamli yechim sifatida “Psixologik yordam” platformasi ishga tushirildi.

Taʼlimni rivojlantirish markazi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Sport, Madaniyat va Ichki ishlar vazirliklarining “Maktabgacha, umumiy oʻrta, maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarida taʼlim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qoʻshma qaror qabul qilindi.

“Psixologiya: zamonaviy chaqiriqlar, yangi gʻoyalar va yechimlar” mavzusidagi forum oʻtkazildi. Mazkur forum doirasida pedagoglar oʻrtasida “Taʼlim ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha eng yaxshi uslubiy qoʻllanma” tanlovi tashkil etildi.

 

Maktab psixologlari uchun 18 soatlik malaka oshirish maxsus kursi oʻquv majmuasi va 22 nomdagi metodik resurslar hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlari psixologlari uchun esa 26 soatlik malaka oshirish kursi oʻquv majmuasi va 20 nomdagi metodik resurslar ishlab chiqildi va joriy etildi.

Maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari psixologlari uchun respublika seminarlari tashkil etilib, 370 nafar psixolog-trener tayyorlandi. Ular orqali kaskad usulida 14 000 nafardan ortiq psixologlarning malakasi oshirildi.

Maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi-trenerlarini rivojlangan xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish maqsadida ilgʻor davlatlar hamda halqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Natijada 2025-yilda maktabdan tashqari taʼlim tizimining 24 nafar oʻqituvchi-trenerlari Ispaniya, Ozarbayjon, Xitoy, Qirgʻiziston, BAA, Hindiston va Turkiya davlatlariga malaka oshirishga yuborildi.

2025-yilda taʼlim sohasidagi islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash maqsadida bir qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.

Markaz tomonidan boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda jami 13 ta meʼyoriy hujjat, jumladan, 3 ta Hukumat qarori loyihasi, 5 ta qoʻshma qaror loyihasi, 2 ta talab hamda 3 ta konsepsiya ishlab chiqildi.

Xususan, “Taʼlim tizimi uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash”, “Taʼlim natijalarini baholashning milliy modeli” hamda “Taʼlimda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish” kabi konsepsiyalar tayyorlandi.

Taʼlim mazmunini yangilash va sifatini oshirish maqsadida taʼlim standartlari hamda oʻquv dasturlari boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda tabiiy fanlar, kimyo, tarix, informatika va musiqa fanlari boʻyicha taʼlim dasturlari loyihasi ishlab chiqildi.

Umumiy oʻrta taʼlimning oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha yoʻriqnoma” ,“Umumiy oʻrta taʼlimning oʻquv dasturi maketi” hamda umumiy oʻrta taʼlimning oʻquv rejalarini ishlab chiqishga qoʻyiladigan talablar boʻyicha yoʻriqnoma yaratildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda 8 ta oʻquv reja, 13 ta fan oʻquv dasturi ishlab chiqildi hamda 11 ta maktabda tajriba-sinovdan oʻtkazildi.

Inklyuziv taʼlimda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun individual rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha yoʻriqnoma, maket hamda namuna yaratildi.

20 dan ortiq taʼlim tashkilotlarining davlat taʼlim talablari, oʻquv reja va dasturlari ekspertizadan oʻtkazildi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda 1-6-sinflar uchun tabiiy fanlar, 5-11-sinflar uchun ijtimoiy fanlaridan davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturi loyihasi ishlab chiqildi.

Fan yoʻnalishlari bilan birga inklyuziv taʼlim va psixologiya hamda maktabdan tashqari taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 7 ta Ilmiy-metodik kengash faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Kengashlar faoliyati doirasida 100 dan ortiq darslik, oʻquv-metodik majmua va uslubiy qoʻllanmalar muhokamadan oʻtkazildi.

Pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida zamonaviy oʻquv va metodik kontentlar tayyorlandi hamda ommalashtirildi.

Taʼlim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish boʻyicha 2025-yilda jami 900 dan ortiq metodik tavsiyalar, ilmiy ishlanmalar, dars ishlanmalari va multimedia resurslari tayyorlandi va eʼlon qilindi.

Xususan, 700 ta metodik tavsiya va dars ishlanmalari, 50 ta maqola va tezislar, 100 dan ortiq videodars va yoʻriqnoma hamda 47 ta animatsiya tayyorlandi.

Pedagoglar salohiyatini oshirish maqsadida qayta tayyorlash va malaka oshirish ishlari tizimli ravishda tashkil etildi.

Pedagogik oliy taʼlimning bakalavr oʻquv dasturiga 180 soat, magistr dasturiga 120 soat va pedagoglarni qayta tayyorlash dasturlariga “Inklyuziv taʼlim”, «4K metodikasi» va “Yashil koʻnikmalar” moduli kiritildi.

A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti bilan hamkorlikda informatika fanini 2-3-sinfda oʻqitish boʻyicha 18 soatlik maxsus kursda 58 mingdan ortiq boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari malakasi oshirildi.

Yakunlanayotgan yilda ekologik savodxonlik, mediasavodxonlik,  raqamli xavfsizlik, emotsional barqarorlik, sunʼiy intellekt va psixologiya kabi dolzarb mavzularga bagʻishlangan jami  13 ta malaka oshirish dasturi va oʻquv kursi tashkil etildi.

2025-yilda markaz tomonidan tashkil etilgan 60 dan ortiq seminar-trening va 1000 dan ortiq master klasslarga 380 000 nafar pedagoglar qamrab olindi.

Xususan, taʼtil vaqtlarida onlayn va oflayn koʻrinishda tashkil etilgan 8 ta “Metodik marafon”larda 415 nafar trenerlar tomonidan 1000 dan ortiq master-klasslar oʻtib berildi.

5 ta “Skills Up” tadbirlariga 1200 nafarga yaqin maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlari jalb etildi.

30 ta muloqot uchrashuvi “Meetup” tadbirlarida 10 000 nafardan ortiq pedagoglar ishtirok etishdi.

4 ta  xalqaro va 11 ta mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi va hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirildi. 2025-yilda 3 ta xalqaro, 2 ta respublika konferensiyasi, 2 ta forum, 1 ta tanlov va 1 ta festival tashkil etildi.

Shuningdek, Koreyaning “TEAM MONOLITH” tashkiloti bilan hamkorlikda maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari IT oʻqituvchilarining onlayn kursda malakasi oshirildi.

Yaponiya xalqaro taraqqiyot markazi (IDCJ) bilan hamkorlikda “Inklyuziv taʼlim tizimi joriy etilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida qulay muhit yaratish: loyihalash va qurilish boʻyicha texnik tavsiyalar” mavzusida ochiq vebinar oʻtkazildi.

AQSH va Malayziya ekspertlari ishtirokida ijtimoiy-emotsional taʼlim boʻyicha seminar-treninglar,  Janubiy Koreyaning Milliy transport universiteti bilan hamkorlikda “Sunʼiy intellekt va robototexnika asoslarini oʻrgatish” boʻyicha qishki maktab faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Taʼlim jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi.

Joriy yilda “Yagona raqamli taʼlim resurslari va xizmatlari” portali bosqichma-bosqich rivojlantirilib, yangi funksiyalar va resurslar bilan boyitildi. 9 ta yangi boʻlim ochilib, 6 000 tadan ortiq resurslar joylashtirildi.

“STEM mashgʻulotlarining raqamli resurslari” platformasi ishga tushirildi.

Maktab pedagoglarining raqamli kompetensiyalarini uzluksiz rivojlantirish imkonini beruvchi “Raqamli savodxonlik” intellektual axborot tizimining loyihasi ishlab chiqildi.

Taʼlim jarayonidagi oʻzgarishlar va yangilanishlarning amaliy natijalarini baholash maqsadida oʻrganishlar, tahlillar hamda attestatsiya ishlari amalga oshirildi.

“Tabiiy fanlarga oid virtual laboratoriya va simulyatsiyalar platformasi” hamda “The Physics Aviary” onlayn taʼlim platformalari 10 dan ortiq maktablarda tajriba-sinovdan oʻtkazildi.

15 000 dan ortiq pedagoglar va 3 000 nafardan ortiq oʻquvchilar ishtirokida 4 ta tadqiqot va soʻrovnoma oʻtkazildi.

Respublikadagi 42 ta maktabdagi 4- va 9-sinf oʻquvchilari oʻrtasida ona tili va matematika fanlaridan tajriba-sinov shaklida Milliy baholash tadqiqoti oʻtkazildi.

Oʻqituvchilarning raqamli pedagogika va mediataʼlim koʻnikmalarini, jumladan, maktabdagi taʼlim muhitining rivojlanish darajasini aniqlash boʻyicha soʻrovnoma oʻtkazildi.

1 141 ta davlat maktab taʼlim tashkilotlari hamda 455 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablardagi tashqi attestatsiya hujjatlarining holati tahlil qilindi.

Oʻquvchilarning bilimini baholash va ragʻbatlantirishga qaratilgan yirik loyiha – “Iqtidorli bolalar respublika olimpiadasi – IBRO–2025”da 230 ming nafardan ortiq oʻquvchilar ishtirok etdi. Testbor.uz platformasida sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida oʻquvchilarning kompetensiyalari aniqlandi.

Olimpiada natijalari asosida matematika, fizika hamda informatika fanlaridan oʻquv dasturlari va darsliklarning amaliy samaradorligi tahlil qilindi.

Oʻquvchilar bilimini baholashga qaratilgan xalqaro baholash tadqiqotlarida belgilangan tartibda ishtirok etish ishlari 2025-yilda ham davom ettirildi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti bilan hamkorlikda respublikadagi tasodifiy tanlab olingan 233 ta maktabda PISA 2025 tadqiqotining asosiy sinov jarayonlari hamda 30 ta maktabda PIRLS 2026 tajriba-sinovi oʻtkazildi.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugungi brifingimiz orqali sizlarga yetkazmoqchi boʻlgan maʼlumotlarimiz shulardan iborat edi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat. Xayr, salomat boʻling