Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi xodimi Hindistonda malaka oshirib qaytdi

30.09.2025

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazining Mediamarkaz boshlig‘i Hindistonning Haydarobod shahrida Hindiston texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi (ITEC) tomonidan MCR Inson resurslarini rivojlanish instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Media Menejment” kursida ishtirok etib qaytdi. 

Dunyoning 25 ta davlatidan media sohasi vakillarini qamrab olgan mazkur jarayonlarda ishtirokchilarga zamonaviy media boshqaruvi, jurnalistika moliyaviy jihatlari, kinematografiya, raqamli fotografiya, sun’iy intellektning OAVdagi roli, ijtimoiy media strategiyalari va inqirozni boshqarishda kommunikatsiya kabi dolzarb yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar berildi.

Shuningdek, dastur davomida ishtirokchilar Hindistonning Haydarobod shahridagi yetakchi tashkilotlari — T-Hub, T-Works, NTV Media, Ramoji film shaharchasi, Hindiston Biznes Maktabi (ISB) va boshqa muassasalarga tashrif buyurib, tajriba almashdi. 

Ma’lumot uchun: Indian Technical and Economic Cooperation (ITEC) bu Hindiston hukumati tomonidan toʻliq moliyalashtiriladigan dastur boʻlib, 100 ga yaqin institutlar bilan hamkorlikda 30 ta soha boʻyicha 400 dan ortiq kurslarni oʻz ichiga qamrab oladi. 160 dan ortiq davlatdan yiliga 10 mingdan ortiq davlat xizmatchilari (shu jumladan, davlat taʼlim muassasalari ham) ushbu dasturda tahsil olishadi. Dasturga 1964-yilda asos solingan boʻlsa, shu paytga qadar dunyo boʻylab 200 mingdan ortiq tinglovchilar muvaffaqiyatli ishtirok etgan.